Shu yilning 11-fevral kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi, shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonunda oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.
Jumladan, nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zoʻravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga koʻra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda.
Nikohdan ajratish masalasi oʻz vaqtida hal qilinmasligi ayrim hollarda ayollarning oʻz joniga qasd qilishi, bevaqt oʻlimi kabi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bu normaning amaliyotga joriy etilishi muntazam tazyiq va zoʻravonlik holatlari boʻlgan nizoli oilalarda ogʻir jinoyatlar sodir boʻlishining oldini oladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan Uy-joy kodeksiga qoʻshimcha kiritilib, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar koʻrib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga koʻra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega boʻlgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar huquqlarini yanada mustahkamlashga, ularning turar-joy masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qiladi.
Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.