Tumanimizda 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrovini oshirish maqsadida maktabgacha taʼlim muassasalarining turli shakllari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oilaviy uy-bog‘chalarni ochish qulayligi, bunday bog‘chalarni yo‘lga qo‘ygan oilalarda xonadon aʼzolarining ish bilan taʼminlanishi va boshqa imtiyozlari bilan ham har jihatdan foydali. Prezidentimizning 2018-yil 30-iyuldagi “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Farg‘ona viloyatidagi Buvayda tumani Maktabgacha taʼlim bo‘limi tomonidan olib borilayotgan ishlar ko‘lami ham yildan yilga kengayib bormoqda. O‘quv seminarlari, tuman va viloyat miqyosida tadbirlar va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilmoqda.
Qonun doirasida elga xizmat qilib, davlatimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib, uning nomini butun dunyoga tanitish istagidagi tadbirkorlarga keng yo‘l ochilgan zamonda, ushbu bo‘lim yordami bilan yuzdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlarga Davlat xususiy sherikchilik shaklidagi Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ochishda amliy yordam ko‘rsatildi. Ularning faoliyatini izchil monitoring qilib borish va zamon bilan hamnafas bo‘lib, innovatsion yangiliklar kiritish va tadbirkorlarning siyosiy bilimlarini oshirib borish uchun, bo‘lim tomonidan sharoitlar yaratib berilgan. Hozirgi kunda tumanimizning deyarli xar bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida yakka tartibdagi tadbirkorlarimiz asos solgan Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ular qamrab olgan tarbiyalanuvchilar soni kundan kunga ortib, Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bo‘lgan talab o‘zini oqlaganligini tasdiqlamoqda. Ushbu Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha besh tashabbus asosida, Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sport bilan shug‘ullanish, ish bilan taʼminlangan tarbiyachi va yordamchi tarbiyachi xotin-qizlarning kompyuter va internetdan samarali foydalanishlari uchun ham keng sharoitlar mavjud.
2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga tayanib, tuman Maktabgacha taʼlim bo‘limi xodimlari tadbirkorlarimiz bilan yakdil holda tarbiyalagan mutaxassislarimiz vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga umid qilamiz.
Millat farzandlarini tarbiyalash – ulug‘ ish. Ularga bolaligidanoq mukammal taʼlim-tarbiya berish har birimizning burchimizdir. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, "Maktabgacha taʼlim tizimi uzluksiz taʼlimning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va maʼlumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Ana shu dalilning o‘zi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi".
Umidjon Sobirov,
Buvayda tuman maktabgacha taʼlim bo‘limi
Davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim sho‘ʼba mudiri