Joriy yil Yangihayot tumanidagi tibbiyot muassasalarini to‘liq elektron platformaga o‘tkazish, hududdagi ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalarni lokal tarmoqqa ulash va modernizatsiya qilish uchun 52 242,5 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni paytda poytaxtning Chilonzor, Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi tibbiyot muassasalarini mazkur elektron dasturga ulash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti.
— Yangihayot tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 65 va 66-sonli oilaviy poliklinikalari jami 30 ta kompyuter jamlanmasi bilan ta'minlandi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Alimov. — Bunda tuman bo‘yicha markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika eksperiment tariqasida birinchi bo‘lib ushbu yangi elektron dasturga ulandi. Shu bilan birga, shifokorlarning dastur yordamida faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yilib, tizimdan foydalanishi bo‘yicha o‘qitildi.
Shunisi e'tiborliki, mazkur dastur ishga tushishi orqali shifokor va bemorning ortiqcha vaqti tejaladi, tibbiy xizmat sifati va samaradorligi oshadi. Shifokorlar faoliyati va ish yuklamasini muntazam kuzatib borish, statistik ma’lumotlarni shaffof tarzda yuritish imkoni yaratiladi. Shu bilan birga, fuqaroning avval qanday kasalliklar bilan og‘rigani, qanday muolajalar olgani va uning salomatligi bilan bog‘liq boshqa barcha ma’lumotlar bazada elektron shaklda saqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, mazkur yangi elektron dastur tibbiyot xodimlari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun xalqaro standartdagi (FHIR) dasturi hisoblanib, bir qator qulayliklarga ega.
Jumladan:
– haqiqiy vaqtda hisobotlarni qabul qilish va uzatish;
– shaxsiy va tibbiy ma’lumotlarni ajratish;
– Tibbiy ma’lumotlarning yuqori darajadagi xavfsizligi va nazorati;
– yangi tashkil etilgan tibbiyot muassasalarini tez va oson birlashtirish kabi qator imkoniyatlarga ega, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.