Goteborg universiteti professori Xenrik Pavia boshchiligidagi bir guruh ekologlar suvdagi karbonat angidrid konsentratsiyasining ortishi Fucus vesiculosus turiga qanday ta'sir ko'rsatishini o'rganishdi.
Tadqiqot shuni ko'rsatdiki, suvdagi karbonat angidrid konsentratsiyasining uch baravar oshishi mazkur suv o'ti hayotida sezilarli o'zgarishlarga olib keldi. O'simlikning poyalari ancha mo'rtlashdi, buning natijasida ular to'lqin kuchiga va tabiiy ofatlarning boshqa ko'rinishlariga bardosh bera olmay qoldi. Bu, ayniqsa, ochiq joylarda o'sadigan suv o'tlariga ko'proq taalluqli – ularning omon qolish imkoniyatlari ikki baravarga kamaydi. Olimlarning ta'kidlashicha, bunday o'zgarishlar jahon okeanlarining kislotalanishi oqibatida Fucus vesiculosus hujayralaridan kalsiy va magniy yuvilishining tezlashishi bilan bog'liq.
Bu elementlarning birikmalari suv o'tlari poyalarining asosini tashkil etuvchi tolalar hosil bo'lishida muhim rol o'ynaydi, shuning uchun ularning yetishmasligi Fucus vesiculosus poyalarining mustahkamligini pasaytiradi, deb xabar beradi tass.ru.
Ekologlarning fikriga ko'ra, shunga o'xshash holatlar boshqa suv o'tlari bilan ham sodir bo'ladi, bu esa iqlim o'zgarishi bilan bog'liq salbiy holatlarga yechim topilmasa, ularning qirg'oq ekotizimlarida omon qolishi qiyinlashib boradi.