Chusovitinaning ilk Olimpiadasi 1992-yilda Barselona shahrida oʻtgan. Oʻshandan buyon u Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish huquqini uzluksiz va ketma-ket sakkiz marta qoʻlga kiritdi. Bu jahon sportida haqiqatdan betakror holat boʻlib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Oksana Aleksandrovnaning navbatdagi ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqeasi sifatida eʼtirof etildi. Dunyo hamjamiyati Oksananing chiqishini katta zavq va hayajon bilan kuzatar ekan, Chusovitinaning matonatiga, oʻz ishiga boʻlgan sadoqatiga tan berdi, dedi davlatimiz rahbari.
"Hayotini sportga, bunday yirik musobaqada muvaffaqiyatga erishishdek maqsadga bagʻishlash uchun zoʻr iroda va fidoyilik kerak, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning mardligi, gʻalabaga boʻlgan qatʼiy intilishi yosh sportchilarimiz uchun muvaffaqiyat va shuhrat qozonishning oʻziga xos ibrat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda", - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari ulkan xizmatlari uchun Oksana Chusovitinaga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni berilganini maʼlum qildi.
Prezidentimiz Oksana Chusovitina murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli olib borib, sport gimnastikasi boʻyicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishiga umid bildirdi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berildi.
“Hurmatli Oksana Aleksandrovna, Vatanimizga boʻlgan mehringiz va sadoqatingiz, sportdagi fidoyiligingiz, bukilmas iroda va matonatingiz uchun sizga yana bir bor katta minnatdorchilik bildiraman”, - dedi Prezidentimiz.









