Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim

    Majburiy ijro byurosi Andijon shahar boʻlimi ish yurituvida banklar foydasiga kredit qarzlarini undirish bilan bogʻliq jami 3 619 ta 224,2 mlrd soʻmlik ijro hujjatlari mavjud.

    Ushbu kredit qarzdorliklarni undirish boʻyicha undiruvchi banklar vakillari bilan birgalikda qoʻshma tadbirlar tashkil etilib, undiruv choralari koʻrilmoqda.

    Bu galgi tadbir Majburiy ijro byurosi Andijon shahar boʻlimi hamda “Agrobank” ATB Andijon shahar filiali xodimlari ishtirokida oʻtkazildi.

    Tadbir davomida imtiyozli kreditlardan maqsadsiz foydalanib, toʻloviga esa bepisandlik bilan qarayotgan fuqarolarning xonadonlariga borilib, undiruv ishlari olib borildi.

    Misol uchun, Farobiy mahallasida yashovchi T.X.ning bank oldidagi jami 37,3 mln. soʻm qarzi evaziga xonadonidagi mototransport vositasi hamda mebellar toʻplami xatlab qoʻyildi.

    Tikuvchilik bilan shugʻullanish maqsadida imtiyozli kredit olgan fuqaro xonadoniga borilganda esa na tikuv mashinasi, na mahsulotlari koʻrindi. Maqsadsiz foydalanganlik oqibatida xonadondagi maishiy texnikalarga undiruv qaratildi.

    Xatlash jarayonida fuqarolarga qarzdorliklar bartaraf etilgan taqdirda, mol-mulklarini qaytarib olishlari mumkinligi, aks holda esa, baholanib sotuvga chiqarilishi haqida ogohlantirishlar berildi.

    Mol-mulklari xatlangan ayrim fuqarolar toʻlovlarni amalga oshira boshladi. Natijada, bir kunlik hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir davomida 100 mln. soʻmdan ortiq mablagʻlar bank foydasiga undirildi va qiymati 2 mlrd. soʻmlik mol-mulklar xatlandi.

    Albatta, mol achchigʻi jon achchigʻi deyishadi. Biroq, olingan qarzni qaytarishni ham unutmaslik kerakki, bu faqat ishdagi unum va barakaning ortishiga sababchi boʻladi.