Ertaga yurtimizda davom etayotgan 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida Osiyo chempionati chorak final oʻyinlari boshlanadi. Unda mamlakatimiz terma jamosi Iroq yoshlarini qabul qiladi. Shu munosabat bilan “Bunyodkor” stadionida ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Birinchi boʻlib Oʻzbekiston termasi murabbiyi Temur Kapadze jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

— Har bir oʻyin oʻziga yarasha qiyin kechadi. Biz jiddiy raqiblar bilan oʻyin oʻtkazdik. Eng muhimi, guruhda birinchi oʻrinni olib chorak finalga chiqdik. Bunday musobaqalarda kuchsiz raqib boʻlmaydi. Oldinda bizni ogʻir oʻyinlar kutyapti, — dedi Kapadze.

U jurnalistning Iroqni magʻlub etsak, duch kelishimiz mumkin boʻlgan Yaponiya yoki Koreya jamoalari haqidagi savoliga javob berar ekan, “Yaponiya yoki Koreya qanchalik kuchli ekanligini yaxshi bilamiz. Biz ham kuchsiz emasmiz. Ammo hozir asosiy eʼtiborni Iroq bilan boʻladigan oʻyinga qartganmiz”, dedi.

— Iroqning kattalar jamoasi ham, yoshlar jamoasi ham kuchli oʻyin koʻrsatadi. Ularning oʻyinini kuzatdik... Biz oʻz oʻyinimizni koʻrsatib, raqibni yengishga harakat qilamiz. Futbolchilarimiz ertangi oʻyinga ruhiy jihatdan ham, jismoniy jihatdan ham tayyor, — deya oʻz soʻzini yakunladi Kapadze.

Iroq termasi murabbiyi Miroslav Soukup matbuot anjumanida jamoasini ertaga ogʻir oʻyin kutib turganini taʼkidladi.

“Biz chorak finalga chiqqanimizdan xursandmiz. Guruh oʻyinlarini asosan Qarshida oʻtkazdik. Toshkentga kelgach kayfiyatimiz yanada koʻtarildi. Ertaga bizni maydon egalariga qarshi jiddiy oʻyin kutib turibdi. Biz 30 ming fanatga qarshi ham oʻynashimiz kerak. Shunday boʻlsa-da Iroq futboli uzoq kutgan gʻalabaga erishmoqchimiz”, dedi u.

Murabbiy muxbirning Oʻzbekiston termasi haqidagi savolga javob bergan ekan bunday dedi:

— Albatta, maydon egalari kuchli jamoa. Ammo biz ham hali barcha sirlarimizni ochganimiz yoʻq. Tayyorgarlik jarayonida Oʻzbekiston termasining barcha oʻyinlarini jiddiy kuzatdik, Har bir futbolchining harkatlarini tahlil qildik. Raqiblarimiz har tomonlama kuchli, 90 daqiqa bir tekis oʻynay oladi. Bir oʻyinda Katar darvozasiga 6 ta toʻp kiritishning oʻziyam raqib qanchalik kuchli ekanligini koʻrsatib turibdi.

Matbuot anjumanida Oʻzbekiston termasi sardori Jasur Jalolliddinov va Iroq termasi futbolchisi Muhammad Karim ham jurnalistlar savollariga javob qaytardi.