Oldindan toʻlov qilgan fuqarolarga 2 oy eski tarif qoidalari amal qiladi

    Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, agar 1-mayga qadar elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun shaxsiy hisob raqamingizga pul toʻldirib qoʻysangiz, 2 oy mobaynida sizga eski tarif qoidalari amal qiladi.

    Bugun, 20-aprel kuni Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi markazlari (ASKUE hamda ASKUG)ga press-tur tashkil qilindi.

    Xabaringiz bor, 1-maydan boshlab aholi isteʼmolchilari mamlakatimiz tarixida birinchi marta energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq toʻlay boshlashadi va buni “aqlli” hisoblagichlar amalga oshiradi.

    Xoʻsh, mazkur hisoblagichlar qanchalar “aqlli”? Ertaga tizimda yangilanishlar qoʻllanilgach, bu borada aholiga qandaydir muammolar tugʻilmaydimi? Oʻsuvchan tabaqalashtirilgan tarifni aniqlashda qaysi dasturlar asosida maishiy isteʼmolchilarning kundalik xarajati ajratib olinadi?

    Aholi uchun tizim tashkilotlari veb-saytlarida bu borada qanaqa qulayliklar yaratilmoqda? Press-tur ishtirokchilari ushbu markazlarga tashriflari chogʻida bu haqda tajribali mutaxassislardan batafsil maʼlumot oldilar.

    Press-turda ishtirokchilarni “Bugun shaxsiy hisob raqamiga pul toʻlab qoʻygan isteʼmolchi 1-maydan eʼtiboran toʻlovni avtomatik ravishda elektr energiyasi uchun 450 soʻmdan, tabiiy gaz uchun esa 650 soʻmdan qiladimi yoki eski tarif boʻyicha – 295 soʻm hamda 380 soʻmdan toʻlaydimi?” degan savol koʻproq qiziqtirdi.

    Mutaxassislarning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvar kuni imzolangan 22-sonli qarori asosida qabul qilingan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 116-bandida belgilangan “Maishiy isteʼmolchi oʻz xohishiga koʻra, 2 oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan toʻlab qoʻyishi mumkin va bunda tarif oʻzgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi” hamda yuqoridagi qaror asosida qabul qilingan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 102-bandida koʻzda tutilgan “Tariflar oʻzgargan hollarda tabiiy gaz hajmi uchun avans tariqasida toʻlovni amalga oshirgan isteʼmolchi ikki oydan ortiq boʻlmagan muddatga qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirishdan ozod qilinadi”, degan qoidalarga binoan, 1-mayga qadar toʻlov qilgan haqdor abonentlarga 2 oy muddat mobaynida eski tarif qoidalari amal qiladi, deb javob berdilar.

    Masalan, siz elektr energiyasi uchun 30-aprel sanasida 1 million 100 ming soʻm toʻlab qoʻysangiz va may oyida 1 000 kVt·soat elektr energiyasi yoqsangiz, sizning shaxsiy hisob raqamingizdan 200 kVt·soat uchun 59 ming soʻm (295 soʻmdan), 800 kVt·soat uchun esa 472 ming soʻm (590 soʻmdan), jami 531 ming soʻm yechib olinadi. Iyun oyida xuddi shu tartib davom etadi.

    1-iyul holatiga 38 ming soʻm pul bilan oʻtasiz hamda shu kundan eʼtiboran 1 kVt·soat uchun sizdan 450 soʻm yechib olina boshlaydi.

    Ammo qarzdor yoki may oyining boshidayoq shaxsiy hisob raqamida mablagʻi tugab, yangi toʻlovni amalga oshirishga majbur boʻlgan abonentlar uchun tarif oʻzgaradi hamda ular yangi toʻlov bilan tegishli ravishda 450/650 – 1000/1500 soʻmdan haq toʻlashni boshlaydilar.

    Shu bilan birga, press-turda “ASKUE” va “ASKUG” tizimlarining samarasi, elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminotini raqamlashtirish jarayonlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasida yoʻlga qoʻyilgan yumushlar, isteʼmolchilar uchun yaratilgan qulayliklar va sohadagi boshqa yangiliklar borasida maʼlumotlar berildi.