Aslida bu toʻlovlar roʻyxatda boʻlgan va oʻrin-joyni band etganlardan undiriladi. Ammo, Sh.Sanaqulova vafot etgan qizi uchun ana shunday toʻlov qilib kelgan. Vaholanki, onaning farzandini yerga qoʻyganiga 6 yil boʻldi. Toʻlovni undirishga asos , qizning hamon tiriklar roʻyxatida yurgani edi.

— Qizim tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan.Bir kun ham uyga borganimiz yoʻq. 6 oy davomida shifoxonada yotdik. Unga yaxshi qarashgani bilan natija boʻlmagandan soʻng,yoʻllanma orqali boshqa shaharga koʻrsatishga olib ketayotganimizda bolam yoʻlda vafot etdi. Asli xatirchilikmiz Shuning uchun, toʻgʻri Xatirchi qabristoniga borib qizimni koʻmdik. — deydi Sh.Sanaqulova.

Bu voqea 2014-yilda yuz bergan. Shundan buyon, fuqaro qizining oʻlgani toʻgʻrisidagi guvohnomani ololmagan. Uning Zarafshon shahar adliya boʻlimiga murojaatidan soʻng, holatni bartaraf etish choralari izlandi.

-Oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma 2 holatda berilishi mumkin. Oila kodeksining 225-moddasida koʻrsatilganidek, bunday paytda tibbiyot xodimining oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomasi yoki sudning fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi hal qiluv qarori kerak. Yuqoridagi kabi vaziyatda tibbiy guvohnoma olish imkonsiz.Chunki, shifokor chindan ham bolada oʻlim holatini qayd etmagan. Yagona yoʻl sudning hal qiluv qaroriga erishish edi.Biz ana shu yoʻlni tanladik va kerakli dalillarni toʻpladik.- deydi Zarafshon shahar adliya boʻlimi bosh maslahatchisi Orif Nasirov

Bunda Navoiy viloyat FXDYO arxivi, Xatirchi tumani FXDYO boʻlimi, Xatirchi tumani Obodonlashtirish boshqarmasi, Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmalaridan tegishli hujjatlar yigʻilib, Fuqarolik ishlari boʻyicha Zarafshon tumanlararo sudiga adliya boʻlimi tomonidan daʼvo arizasi kiritildi.

Fuqaro murojaati qanoatlantirilgach, toʻlovlar masalasida yuzaga kelgan tushunmovchiliklarga ham chek qoʻyildi.

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi

Axborot xizmati