TDTU Olmaliq filiali jamoasi tomonidan   bir necha yillardan buyon “Bir kunlik talaba”, “Maʼrifatga baxshida umr yoʻllari” kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri “Olim oʻqigan maktab” tadbiri boʻlib, unda oliy taʼlim professor-oʻqituvchilari tahsil olgan maktab jamoasi, oʻquvchilar va keng jamoatchilik bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

 

Umrini ilm-fan yoʻliga baxshida etib, fanning sir-asrorlarini chuqur oʻrganib, olimlik martabasiga erishgan hamda bu ilmiy boylikni yosh avlodga yetkazishda salmoqli hissa qoʻshayotgan, katta yoʻlga chiqqan ilm karvoni — Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali direktori, texnika fanlari doktori, professor Samadov Alisher Usmonovichning ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyati yoritilgan uchrashuv Samarqand viloyati Paxtachi tumanida boʻlib oʻtdi. 

 

1983-yilda tumandagi 32-maktabni oltin medal bilan tamomlagan Alisher Usmanovich oradan 40 yil oʻtib, maktab ostonasiga ilm-fan ahli vakili sifatida, jamiyatning ilgʻor farzandi boʻlib qadam bosdi. Uchrashuvga taklif etilgan nafaqada umrguzaronlik qilayotgan yoshi ulugʻ ustozlardan olimning birinchi oʻqituvchisi Yaxshiboy Normurodov, 9-10 sinf rahbari pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Saidov Sayim Saidovich, kimyo fani oʻqituvchilari Sayfiddin Eshmurodov, Amina Islomova, matematika fani oʻqituvchisi Boʻriboy Norqobilov, tarix va huquqshunoslik fanlari oʻqituvchisi Ibodulla Xamrayev va sinfdoshlari olis maktab davrini yodga olishdi, xotiralar jonlandi...

 

Maktab jamoasi va oʻquvchilari uchun ibratli hayotiy yoʻllanma boʻlgan bu uchrashuv sinf xonalarida ham davom etdi. Oʻz partasidan oʻrin olgan Alisher Usmanovich oʻqituvchilarining fan boʻyicha savollariga javob berar ekan, oʻquvchilarga oʻz taassurotlari, hayotiy qarashlari haqida ham soʻzladi.

Har bir inson kamolotida oʻqituvchining mehnati beqiyosdir. Alisher Usmanovich hayot yoʻlida unga ustozlik qilgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildirib, oʻquvchi yoshlarga ilm-maʼrifat inson umrini charogʻon qiluvchi mashʼal ekanligini, yoshlikda tinimsiz oʻqib-oʻrganish zarurligini taʼkidladi.

Tadbir davomida oliygohning iqtidorli talabalari va maktab oʻquvchilarining konsert dasturi ham namoyish etildi.

 TDTU Olmaliq filiali matbuot xizmati