Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Shahlo Turdiqulova ochib berdi. “Olima ayollarimizning safi kengayib borayotgani, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan dasturiy ishlanmalari, innovatsion g'oyalari, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati ta'lim va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli hissa qo'shayotgani mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan yuksak e'tibor, yaratilgan shart-sharoit hamda keng imkoniyatlar samarasidir”, — dedi Shahlo Turdiqulova.
Mamlakatimizda ayolga bo'lgan munosabat o'z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo'lishga undashgan. Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, — deb yozgan edi.
Tadbirga tashrif buyurgan ayol va qizlarni, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham qutladi.
— Ayollar bosh bo'lgan ishlarda hamisha tartib, intizom kuchli bo'ladi, — dedi vazir. — Ayollar bor joyda bag'rikenglik va adolat hukm suradi. Va olimlar haqida gapiradigan bo'lsam, aynan ayol olimalarning shogirdlari ko'p bo'lishini ilm bilan shug'ullanuvchi olim, sohaga mas'ul rahbar sifatida kuzatganman. Ular bilim ulashishda, fanga yoshlarni jalb qilishda biz erkaklardan ko'ra faolroq bo'lishadi. Aynan olimalarning ilm-fan sohasida ulushi ko'p bo'lishi inson kapitalining rivojlanishiga, demakki, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Xotin-qizlarning ilm-fan va ilmiy faoliyatdagi o'rnini oshirish va ularning innovatsion g'oyalarini, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tegishli choralar ko'rilmoqda. Vazirlik tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2020 - yildan buyon ayollar uchun alohida tanlov — “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi e'lon qilinmoqda.
Xotin-qizlarning innovatsion g'oyalarini, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashning amaliy natijalariga erishish uchun olima ayollar xorijiy nufuzli ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilmoqda. Shuningdek, startap loyihalar tanlovlarida hamda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborilayotgan yosh olimlar orasida ham xotin-qizlarning sonini ko'paytirish bo'yicha choralar ko'rilmoqda.
Jumladan, 2020 - yil 31 099 nafar ilmiy xodimlar ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyati bilan shug'ullangan bo'lsa, ularning 39,6 foizini ayollar tashkil etgan. Hozirgi kunda ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyati bilan shug'ullangan ayollarning 3 157 nafari tabiiy fanlar sohasida 262 nafar fan doktori, 650 nafar fan nomzodi, 90 nafar PhD, 1 643 nafari texnika fanlari sohasida, 2 176 nafari tibbiyot fanlari sohasida, 607 nafari qishloq xo'jaligi fanlari sohasida, 2 006 nafari ijtimoiy fanlar sohasida, 3 395 nafari gumanitar fanlar sohasida faoliyat ko'rsatmoqda.
Hozirgi kungacha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq umumiy yillik moliyaviy hajmi 219,6 mlrd so'mlik 174 ta ilmiy loyihalar olima ayollar rahbarligida bajarilmoqda. Shuningdek, loyihalar doirasida tijoratlashtirish salohiyati yuqori bo'lgan yangi ishlanmalar yaratilmoqda.
Yosh olimalarni turli fan sohalarida o'z intellektual salohiyatlarini namoyish etishlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlovchi tayanch doktorantura va doktorantura katta ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda respublikada mavjud oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlari ilmiy salohiyatni yuksaltirish, ta'lim samaradorligini oshirish hamda ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati