“Olim o'qigan maktab” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir TDTU Olmaliq filiali matematika va informatika kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori Dildora Sulaymonova o'qigan Ohangaron tumani Qorasuvyoqa mahallasidagi 32-maktabda bo'lib o'tdi. Qurama tog'lari etagida joylashgan Ohangaron tumanidagi so'lim qishloq maktabida oliy ta'lim tizimi vakillarining maktab jamoasi va o'quvchilari bilan samimiy uchrashuvi ko'pchilikning yodida uzoq saqlanib qoladi.
Tadbirda olimaning hamkasblari, ustozlari, sinfdoshlari, oila a'zolari ishtirok etdi. Ular olis o'quvchilik davrini, o'qituvchilarning o'gitlarini yodga olishdi. Insonning kamol topishi, hayotda o'z o'rniga ega bo'lishida oilaning, ota-onaning o'rni beqiyos. Farzandlarining ta'lim-tarbiyasiga alohida diqqat-e'tibor qaratgan Baxtiyor ota Sulaymonov xotirasi yodga olindi, tadbir ishtirokchilari olimaning volidasi Janglish onaga uzoq umr tiladi.
Xalqimizda ayolga munosabat o'z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doim ayollarni qadrlash, o'qitish va ularga hurmatda bo'lishga undagan. Abdulla Avloniy “Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deb yozgan edi. Tog'-kon sanoati, iqtisodiyot sohalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda bilimi, iqtidori va salohiyati bilan samarali hissa qo'shib kelayotgan olima ilmiy izlanish va tadqiqotlarini izchil davom ettirmoqda.
O'z hayotiy nuqtai nazari, qat'iy shijoati hamda go'zal insoniy fazilatlarga ega Dildora Sulaymonovaning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag'ishlangan tadbir qishloq maktabidagi ko'plab o'quvchilarda havas uyg'otdi. Tadbirda TDTU Olmaliq filiali iste'dodli talabalari, maktab o'quvchilari ijrosidagi qo'shiq va raqslar, “Qalpoq” hajviy guruhi sahna ko'rinishlari yig'ilganlarni xushnud etdi.