Pensilvaniya universiteti olimlari og'iz va tomoqdagi viruslarni zararsizlantirishga qodir noyob saqich ustida ishlamoqda. Bu infeksiyaning oldini olishda yangilik bo'lishi mumkin, deb xabar beradi BILD.
Bu g'oya COVID-19 pandemiyasi davrida paydo bo'lgan. Professor Genri Deniell va uning jamoasi ko'p miqdorda CTB-ACE2 oqsilini ishlab chiqaradigan o'simlik hujayralari asosida saqich ishlab chiqishdi. Bu oqsil virusni organizm hujayralariga yopishib olish imkoniyatiga ega bo'lmasdan oldin bloklaydi. Laboratoriya sharoitida bu saqich koronavirus konsentrasiyasini 95 foizga kamaytirdi.
Hozir olimlar gripp shtammlari va gerpes virusiga qarshi kurashda xuddi shu texnologiyadan foydalanmoqda. Saqichning yangi versiyasi ham laboratoriyada istiqbolli natijalarni ko'rsatdi va yaqin kelajakda uni odamlarda sinab ko'rish rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi korrespondent.net.