Olimlar shakar ichak yalligʻlanishiga sabab boʻlishini aniqladi

    RIA Novosti Science Translation Medicine jurnalida chop etilgan maqolaga asoslanib shakar ichak yalligʻlanishini keltirib chiqarishi haqida xabar tarqatdi.

    Aytilishicha, amerikalik olimlar sichqonlarda oʻtkazgan tajribalariga asoslanib koʻp miqdorda shakar va shakar mahsulotlari isteʼmol qilish ichakning mikrobioma tizimi buzilishiga sabab boʻlishini maʼlum qilgan. Gʻarb mamlakatlaridagi parhez tartibi ichak yalligʻlanishi bilan bogʻliq kasalliklar kelib chiqishi xavfini oshiradi. Bu haqda olimlarning oʻrganishlariga koʻra, ichak yalligʻlanishi bilan bogʻliq krona, yoʻgʻon ichak yalligʻlanishi kasalliklariga dunyoning 3,5 milliondan ortiq aholisi chalingan.

    Ichak yalligʻlanishi asosan Gʻarb mamlakatlarida keng tarqalgan. Tadqiqotlar ushbu kasallik 1980-yildan buyon bolalarda ham koʻp uchrayotganini koʻrsatmoqda. Kasallik keng tarqalishining asosiy sababi quvvatga boy taomlarda shakar miqdorining haddan ziyod koʻp boʻlishida, deb izohlanadi. Maʼlumki, qayta ishlangan shirinlik mahsulotlari semizlik va qandli diabet kassaliklari xavfini oshiradi.

    Shakarning ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi munozaralarga sabab boʻlib kelmoqda. Gap shu haqda ketganda, yuqorida aytilgan sichqonlar tajribasiga qaytamiz. Amerikalik biologlarning bu tajribasidan maʼlum boʻlishicha, kemiruvchilarga yuqori miqdordagi shakar mahsulotlari berilganda yoʻgʻon ichak yalligʻlanishga moyillik parhezdagi sichqonlarnikidan koʻra yuqoriroq boʻlgan. Ularda yalligʻlanish jarayoni 3 kundan soʻng boshlangan. Mutaxassislarning fikricha, shakar ichak mikrobioma tarkibini oʻzgartirib yuborgan.

    Zuhra QARSHIYEVA,

    OʻzJOKU talabasi