Olimlar va sanoatchilar “Innovatsiya–2025” anjumanida yangicha gʻoyalarni muhokama qildi

    Fan 27 Oktabr 2025 372

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Innovatsiya–2025” xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi.

    Respublikamizda innovatsion rivojlantirish jarayonlarini jadallashtirish, sanoatchilar, olimlar, tadbirkorlarning harakatlarini birlashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida XXIX Xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyaning yalpi majlis hamda “Yoshlar va taʼlim masalari”, “Iqtisodiyot tarmoklarido sunʼiy intellekt va innovatsiyalar”, “Energiya. Yoqilgʻi energetika, tabiiy resurslar va mineral resurslardan oqilona foydalanish muammolarini xal qilish”, “Konchilik va metallurgiya. Geologiya”, “Avtomatik va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari. Raqamlashtirish”, “Tizimli tahlil va matematik modellashtirish”, “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik. Sanoat xavfsizligi”, “Ekologiya. Muammolar va yechimlar” kabi shoʻbalarda 119 ta maʼruza va boshqa chiqishlar taqdim qilindi.

    Tadbir Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazida, shu universitet prorektori, professor O.O. Zaripov; Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatining Ilgʻor texnologiyalar markazi rahbari, t.f.d. U.Z. Sharafutdinov, Strategik innovatsiyalar va informatizatsiya markazi direktori, professor, t.f.d. A.A.Qadirov; loyiha rahbari, professor Rossiya Tabiatshunoslik akademiyasi akademigi, Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi akademigi, Rossiya Federatsiyasi Oziq-ovqat xavfsizligi milliy akademiyasi akademigi, b.f.d. V.T. Velyamov; Toshkent kimyo-texnologiya instituti professori A.Artikov; Rossiya Sankt-Peterburg universitetidan f.m.f. nomzodi, dotsent Ye.S. Sergiyenko va boshqalarning dolzarb masalalar boʻyicha chiqishlari bilan boshlandi. Muhokamalarda koʻplab fan doktorlari, fan nomzodlari, professor, dotsentlar, sanoatchilar, iqtidorli yoshlar qatnashdi.

    Konferensiyada nafaqat Oʻzbekiston, shuningdek xorijiy davlatlardan Belorus, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston vakillari ham faol qatnashdi. Baʼzi masalalar boʻyicha samimiy fikr almashuvlar tanaffuslarda ham davom etdi. Tadbir fikrlarga boy boʻldi.

    Konferensiya innovatsion madaniyatni rivojlantirish, olimlar, sanoatchilar va yoshlarning innovatsion va texnologik rivojlanishdagi faol ishtiroki, mamlakatimiz ilm-fan natijalarini toʻplashi, namoyishi, oʻzaro tajriba almashishi, madaniy, ilmiy va texnik hamkorlik sohasida xalqaro aloqalarini rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

    Konferensiya materiallarining ilmiy maqolalar toʻplami sifatida nashr etilib, tadbir qatnashchilariga tarqatilgani ilmiy, amaliy, metodik axamiyatga egadir.

    Hasan Abdunazarov