Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy-tajriba stansiyasining ekin maydoni 84,5 gektarni tashkil etadi. Ushbu maydonda 17 turdagi ekinlar ekilib, urugʻlari koʻpaytiriladi.
Ekilgan urugʻlar boʻyicha sinov amaliyotlari ham shu yerning oʻzida olib boriladi. Izlanishlar natija berib, stansiya olimlari tomonidan piyozning “Malla” navi yaratildi. Hozirda ushbu nav uchun patent olishga hujjatlar topshirilgan. Ushbu nav intensiv usulda yetishtirilayotgani bilan ajralib turadi.
Yangi piyoz navining urugʻi yerga martning dastlabki oʻn kunligida sepiladi. Xususan, 15 sotix yerga 10-12 kilogramm piyoz urugʻi sepiladi, shu maydondan terib olingan piyozboshchalar esa bir gektar maydonga yetadi. Piyozboshchalar gilos kattaligida boʻlgandan soʻng yigʻib olinadi. Piyozboshchalar quritilib, alohida joyga olib qoʻyiladi va sentyabr oyining birinchi dekadasida 70×10 sxemada 4 qatordan gektariga 571,4 ming dona ekiladi.
Piyozboshchalar ekilganidan soʻng unga bir marotaba suv qoʻyiladi. Shundan soʻng piyozboshchalar koʻkara boshlaydi. Qishning sovuq kunlarida yetishtirilgani uchun piyozlarni oʻtash shart emas, sababi, ushbu mavsumda oʻtlar oʻz-oʻzidan nobud boʻladi.
Ekilgan piyozlarga erta bahorda bir marotaba ishlov beriladi. Shuningdek, bir marotabadan kultivatsiya va chopiq, yengil oziqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Yana ikki marotaba sugʻoriladi. Bahorda, yaʼni 15-aprelda piyoz texnik pishib yetiladi va aholi isteʼmoli uchun mahalliy bozorlarga chiqariladi. Yangi piyoz navining afzalligi shundaki, u odatiy piyozlarga qaraganda bir oy oldin pishib yetiladi.