Olimpiya oʻyinlarining bronza medali sohibi Rustam Toʻlaganov Sochi janglariga hozirlik koʻrmoqda

    Sport 2 Iyul 2020 5554

    Kuni kecha Rossiyaning «Sport.ru» sayti 15-avgustda Sochida professional boks musobaqalarida ishtirok etadigan bokschilar juftligini eʼlon qildi.

    Sochi ringlarida 6 ta juftlik bokschilari oʻz reyting yoʻnalishlarida gʻoliblik uchun kurash olib borishadi. Eʼtiborlisi, ushbu boks oqshomida hamyurtimiz, 2016-yilgi olimpiya oʻyinlarining bronza medali sovrindori Rustam Toʻlaganov professional boksning birinchi yarim ogʻir vaznida (79 kg) WBC International kamari uchun 10 raundlik jangda rossiyalik Sergey Yekimovga qarshi ringga koʻtariladi.

    2017-yildan professional boks musobaqalarida ishtirok etib kelayotgan Rustam shu paytgacha professional boksda 3 ta rasmiy musobaqada qatnashib barchasida raqiblarini magʻlub etgan. Uning raqibi Yekimov esa 2009-yildan beri professional boksda 20 ta jang oʻtkazgan. 18 ta gʻalaba, 2 ta magʻlubiyat.

    — Ayni kunlarda Toshkentdagi boks maktabida murabbiy Bekzod Xidirov murabbiyligida 15-avgustda boʻladigan jangga hozirlik koʻryapman. 15-iyul kuni Sochiga yoʻl olaman, — deydi Rustam Toʻlaganov.

    Maʼlumot uchun: Rustam Toʻlaganov 1991-yili Toshkent shahrida tugʻilgan. Faoliyati mobaynida MDX va Yevropa mamlakatlarida shuningdek, Xitoy, Tailand, Indoneziya, Hindiston kabi qator davlatlarda oʻtkazilgan xalqaro musobaqa va turnirlarda gʻolib va sovrindorlikka erishgan. 2015-yilgi Osiyo chempioni. Olimpiya oʻyinlari(2016) bronza medali sohibi. Uning havaskor boksdagi gʻalabalari davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilgan. “Oʻzbekiston iftixori” nishondori. Hozirda professional boksda Oʻzbekistoning ogʻir vazndagi nomdor sportchilaridan biri hisoblanadi.

    Toʻlqin ROʻZIYEV.