SHu boisdan barcha hududlarda maktabgacha ta'lim muassasalari qamrovini kengaytirish, ta'mirlash, sharoitini yaxshilash, zarur vositalar bilan ta'minlash masalalariga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Tahlillarga ko'ra, so'ngi to'rt yilda mamlakatimizda bog'chalar soni 5 200 tadan 18 300 taga etdi. Sohaga qaratilayotgan e'tibor natijasida bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 60 foizni tashkil qildi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli xususiy va oilaviy bog'chalar soni ham ko'paydi. Bugungi kunda barcha maktabgacha ta'lim muassasalarida 1 million 700 ming nafar kichkintoylarimiz tarbiyalanmoqda.
Quvonarlisi, yurtimizning maktabgacha ta'lim tizimida nodavlat sektor barqaror tarzda rivojlanmoqda. YA'ni, davlat maktabgacha ta'lim muassasalari bilan bir qatorda, davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari soni ham ko'payib borayapti.
Lekin shuning bilan birga, 53 ta tumanda bog'chalar etishmasligi kuzatilmoqda. Masalan, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Qumqo'rg'on, Qashqadaryo viloyatining CHiroqchi, Qamashi va Kitob, Toshkent viloyatining YAngiyo'l tumanlarida bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish darajasi juda past. Ushbu holat davlatimiz rahbarining hududlarda maktabgacha ta'lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishida qattiq tanqid ostiga olinib, tegishli ko'rsatmalar berilgan edi.
Ochig'i, Surxondaryo viloyatidan saylangan deputat sifatida bu masalada ko'p ish qilishim kerakligini chuqur angladim. SHunisi afsuslanarliki, etarli darajada imtiyozlar, imkoniyatlar yaratilgan bo'lsada, chekka hududlarda ko'pchilik bundan bexabar. Demak, targ'ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak. Biznes qilishga ishtiyoqmand, tadbirkorlikka qiziqadigan, ish boshlash niyatida yurgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash, xususiy bog'cha ochish uchun berilayotgan imtiyozlar bilan tanishtirish ishlarini har bir hududda izchil olib borishimiz lozim.
Ta'kidlash kerak, Prezidentimizning 2021 yil 10 iyundagi “Qamrov darajasi past bo'lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini kengaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, endilikda olis va chekka hududlarda joylashgan bog'chalar faoliyati yanada qo'llab-quvvatlanadi. Ular uchun yana bir qator imtiyozlar, jumladan, subsidiyalar joriy etiladi.
Qaror bilan 2021 yil 1 iyuldan boshlab tegishli tumanlarda 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foizlik stavkada kreditlar ajratiladi. Olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi tegishli nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya to'lanadi.
SHuningdek, “YOshlar daftari”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandi uchun davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida oylik kompensatsiyalar to'lanadi.
Bundan tashqari, 2018–2019 yillarda nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval berilgan kreditlar bo'yicha imtiyozli davr muddati 2022 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi. Demak, tizimda ish boshlagan, qishlog'ida bog'cha ochib, ota-onalarni quvontirgan, jajji bolalarni ta'lim-tarbiyaga oshno qilgan, maqsadlarini, daromad manbaini shu soha bilan bog'lagan yurtdoshlarimiz yanada faol qo'llab-quvvatlanadi.
Ta'lim-tarbiya tizimi hayotimiz, kelajagimizga daxldor muhim masaladir. Bu jarayon maktabgacha ta'lim tizimidan boshlanadi. Olis va chekka hududlardagi bog'chalarga subsidiyalar to'lanishi mamlakatimizda farzandlar kelajagi, ta'lim-tarbiyasi va jamiyat ertasiga qaratilayotgan e'tiborni amalda yana bir bora ko'rsatdi. Gap bolalarimiz, avlodlarimiz haqida ketganda, har birimiz bu ishga daxldorlik bilan yondashimiz kerak. Maktabgacha ta'lim qamrovi va sifatini oshirish barchamizning hamjihatlikdagi harakatimizga ham bevosita bog'liqdir.
Oybarchin ABDULLAEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati