Buxoro davlat tibbiyot instituti professor oʻqituvchilari, tor doiradagi mutaxassislardan tarkib topgan shifokorlar guruhi tomonidan Peshkoʻ tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tibbiy koʻrik tashkil etildi. Unda terapevt, travmatolog, nevropatolog, pediatr, akusher-ginekolog, urolog, oftalmolog, kardiolog va xirurglar tomonidan 400 ga yaqin fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikka jalb qilindi.

Koʻrikdan oʻtkazilgan fuqarolarning 71 nafarida turli xildagi nogironlik koʻrsatkichlari mavjudligi aniqlandi. Ularni sogʻlomlashtirish maqsadida ambulator va statsionar davo muolajalari tayinlandi. Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida soʻnggi yillarda chekka qishloqlardagi vrachlik punktlari faoliyatini yaxshilash maqsadida qator ibratli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Peshkoʻ tumanida turli sababga koʻra faoliyati toʻxtab qolgan 7 ta qishloq vrachlik punkti oilaviy poliklinika maqomida qayta tashkil qilindi. Yuqorida bepul tibbiy koʻrik oʻtkazilgan Mahalla qishlogʻidagi muassasa ham bir necha yildirki, qarovsiz va nochor ahvolga kelib qolgandi. Bugunga kelib esa bu qishloq oilaviy poliklinikasida qayta taʼmirlash ishlari olib borilib, kunduzgi statsionarda davolash va muolaja oʻtkazish uchun ginekolog, travmatolog, tibbiy laboratoriya va emlash xonalari qayta jihozlandi.

Respublika Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatovning oʻtgan hafta chekka hududlar qatorida aynan Peshkoʻ tumani “Mahalla” qishloq vrachlik punktida boʻlgani tufayli bundagi ahvol tubdan oʻzgardi. Endilikda, hududda istiqomat qilayotgan 6 ming 400 nafar aholi uchun 120 turdagi bepul dori-darmon zahirasi yaratilib, poliklinika ijtimoiy dorixonasi taʼminoti yaxshilandi. Ayni paytda nafaqat bu hudud, balki tuman tibbiyot birlashmasi tizimida talab yuqori boʻlgan umumiy amaliyot shifokorlarini tanlash va joyiga qoʻyish saʼy-harakati bormoqda.

Buxoro viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati