Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi sayyor qabulda aholi sog'liqni saqlash, moddiy-ko'mak, uy-joy va maishiy turmush muammolari, kommunal xo'jalik, bandlik, tadbirkorlik, kredit olishga doir qator masalalar bilan murojaat qilishmoqda.
Qabul boshlangan dastlabki soatning o'zida o'ttizdan ziyod fuqarolarning murojaatini viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev shaxsan tinglab, joyida o'z munosabatini bildirdi.
Muloqotda tibbiy xizmat, kredit ta'minoti, uy-joyga doir bir qancha masalalar o'z yechimini topdi.
Xususan, Oydin mahallasida yashovchi Feruza Olimova ajrim natijasida uy-joysiz qolgani, xonadonini sobiq turmush o'rtog'idan qaytarib olishda muammolarga duch kelayotganini bayon etdi.
Mazkur murojaat viloyat hokimi va tegishli tashkilot mutasaddilari ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, Feruza opaga qonun talabidan kelib chiqib, amaliy yordam beriladigan bo'ldi.
Fayzobod mahallasida yashovchi Zulayho Mingyasharovaning oilaviy sharoitini inobatga olib, viloyat hokimi 5 mln. so'm pul mablag'ini moddiy yordam sifatida ajratish yuzasidan tegishli ko'rsatma berdi.
Shuningdek, o'g'lini davolatish uchun amaliy yordam so'rab kelgan Feruza Tursunboyevaga 12 mln. so'm mablag' beriladigan bo'ldi.
Jarayonda ayrim fuqarolarga huquqiy jihatdan tushuntirishlar ham berilmoqda, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.