Olis qishloq aholisi suv muammosidan xalos boʼldi

    Suv keltirgan – elda aziz, deydi xalqimiz. Zero, hamma zamonlarda ham toza ichimlik suvining qadri baland boʼlgan. Keyingi vaqtlarda tabiatdagi global oʼzgarishlar bu ehtiyojni yanada kuchaytirdi. BMTning maʼlumotiga koʼra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi yashaydigan joyda toza ichimlik suvi yetishmaydi.

    Artel kompaniyasi rahbariyati xalq duosini olish uchun xayriya ishlarga bosh qoʼshib kelmoqda. Аyniqsa, ichimlik suvi kabi global muammo qarshisidan befarq oʼtib ketishni istamaydi. Jumladan, 2021 yilning 31 may kuni Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Chorvador QFYga qarashli Oʼrtaqishloq aholisi Artel kompaniyasi rahbariyatiga murojaat qildi. Maʼlum boʼlishicha, uzoq yillardan buyon Oʼrtaqishloq aholisi ichimlik suvini olis masofadan tashib ichadi. Boz ustiga elektr quvvatining pasayishi, undagi uzilishlar sabab suvga uzoq navbat hosil boʼladi. Buning oqibatida maʼlum soatdagina ishlaydigan artezian qudugʼi suvidan koʼpchilik benasib qoladi. Shunday vaqtlarda 150 xoʼjalikdan iborat qishloq ahli bir yarim oyda bir marta keladigan ariq suvidan ichishga majbur. Bu suv aholi xonadonlaridagi hovuzda saqlanadigan yaroqsiz suv edi.

    Artel kompaniyasi rahbariyati mazkur holatni oʼrganib Oʼrtaqishloq aholisi ogʼirini yengil qildi. 300 million mablagʼ sarflanib, 200 metr chuqurdan ichishga yaroqli suv chiqarib berishga koʼmaklashdi.

    – Bizni 50 yildan beri suv muammosi qiynab kelardi, – deydi Oʼrtaqishloqda istiqomat qiladigan yurtdoshimiz Ilhom Xudoyberdiev. – Bu muammoni hal qilish uchun juda koʼp murojaatlar qildik, foydasi boʼlmadi. Bir kuni tuman gazetasida Artel kompaniyasining homiyligi, maktab tomini qaytadan yopib, isitish tizimini yangilab bergani, ogʼir ahvoldagi oilalarga uy qurayotgani haqidagi maqolani oʼqib qoldim. Shundan soʼng qishloqdoshlarimiz bilan birga kompaniya rahbariyatiga xat bilan murojaat qildik. Bizni xursand qilgani, Artel kompaniyasi tezkorlik bilan murojaatimizga javob berdi. Kompaniya vakillari kelib qishlogʼimizdagi vaziyatni oʼrgandi, shundan soʼng bir haftaga qolmasdan suv chiqarib berdi. Buning uchun ulardan minnatdormiz.

    Taʼkidlash kerak, yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortigʼi ichimlik suvi sifatining pastligi hamda suv taʼminotida sanitar-gigienik qoidalarning buzilishlari bilan bogʼliq. Olimlarning taʼkidlashicha, har bir kishi sanitariya meʼyorlariga amal qilish va sogʼlom hayot kechirishi uchun 24 soat mobaynida 50 litr suvdan foydalanishi kerak. Keyingi yillarda 1500 dan ziyod fuqaro yashaydigan Oʼrtaqishloq aholisi, ayniqsa, bolalar oʼrtasida yuqumli kasalliklar, xususan, gepatit А – sariq kasalligi koʼpaygan.

    Аholining asosiy daromadi chorva mollari hisoblanadi. Suv tanqisligi, uning yaroqsizligi sabab chorva mollarida ham kasalliklar koʼpaygani aholi turmush darajasiga sezilarli zarar yetkazgan. Shu kabi sabablar tufayli oʼrtaqishloqliklar uzoq yillar davomida turli idora va tashkilotlarga mazkur masalani hal etishni soʼrab murojaatlar qilgan. Hatto ularning chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga ham sabab boʼlgan. Bugun esa koʼp yillar davomida aholini qiynab kelayotgan masala yechim topganidan ular juda mamnun.