Olis qishloq obod boʻlmoqda

    Bagʻdod tumanidagi “Choʻlyunus” mahalla fuqarolar yigʻinida 5 ming 680  nafar aholi yashaydi. Asrlar davomida  aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim boʻlgan shart sharoitlar yoʻq edi.

    Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida qurilgan yoʻllar yozda chang, qish loyga botardi. Elektr,suv, tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlar aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan. Mavjud muammolarni bartaraf etish yoʻlida qilingan murojaatlarga ijobiy yechim topilmagan...

    Olis va chekka qishloqlarni obodonlashtirish yoʻlida boshlangan islohotlar olis qishloqqa yangi hayot nafasini olib kirdi.

    – Qishloq hududlaridagi infratuzilma tarmoqlarini yaxshilash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar samarasidan katta-kichik bahra olmoqda, – deydi “Choʻlyunus” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sahobiddin Ortiqov. – Shu kunga qadar tuproq qatlamli yoʻllarimizga shagʻal yotqizilib, 1,3 km uzunlikdagi koʻchalarni asfaltlash borasida ishlar boshlandi. Yoshlar koʻchasida 1,2 mlrd. soʻm hisobiga ichimlik suv qudugʻi qazish, suv minorasi oʻrnatish va 2,5 km uzunlikda tarmoq tortish ishlari olib borilyapti. Inoq koʻchasidagi 60 kV.li transformator yuqori quvvatlisiga almashtiriladi.

    Mahalladagi 31-umumiy oʻrta taʼlim maktabida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida yangi oʻquv binosi qad rostlamoqda. Qurilish ishlari uchun qariyb 4 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, bino yangi oʻquv yilidan foydalanishga topshiriladi.

    Aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning olini olishga qaratilgan tibbiy koʻrik davomida 200 nafardan ziyod fuqaroga bepul tibbiy maslahat, 8 nafar bemorga tuman, 2 nafar fuqaroga esa viloyat shifoxonalarida yotib davolanish uchun yoʻllanmalar berildi.

    Aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 10 nafar choʻlyunuslik ayollarga subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.

    Sirasini aytganda, olis qishloqda boshlangan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari odamlar hayot tarziga farovonlik, shukronalik hissini olib kirmoqda.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri