Olis va chekka tumanda murakkab jarrohlik amalga oshirildi

    Salomatlik 19 Iyun 2021 2493

    Vosit Vohidov nomli Respublika xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi jarrohlari Sirdaryolik jarrohlar hamrohligida Guliston va Oqoltinda murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.

    Ikki kundirki Vosit Vohidov nomli Respublika xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Saidmurod Ismoilov boshchiligidagi jarrohlar Sirdaryoda boʻlib turibdi.

    Ular viloyatidagi viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasida boʻlib, mazkur muassasalarning jarrohlik boʻlimidagi jarrohlar uchun mahorat darsini oʻtkazdi. Shu bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj, ogʻir ahvoldagi bemorlar bilan uchrashib, tashxis natijasiga qarab murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.

    Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi xirurgiya markaziga oshqozon yara xastaligi xuruji bilan yotqizilgan, Baxt shahridan kelgan 23 yoshli Madinabonuda laparotomiya operatsiyasini, chap oyoq venalar varikoz xastaligi bois umumiy xirurgiya boʻlimida yotgan, Sayxunobodlik, 40 yoshli Uygʻunda narat usulida trayanov operatsiyasini, ikkala oyoq venalari varikoz xastaligi hisobiga mazkur markaz umumiy xirurgiya boʻlimida yotgan 24 yoshli Mirkamolda klapp-narat usulida ikkala oyogʻida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan boʻlsa, qorin old devori churrasi tashxisi bilan mazkur boʻlimga yotqizilgan Qozogʻiston Respublikasining Yettisoy tumanidagi Ataqonus ovulidan kelgan 64 yoshli Zebo opada laparotomiya qorin parda orqa sohasini hamda kista boʻshligʻini ochish yoʻli bilan murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

    Ushbu jarrohlik amaliyotlarini Vosit Vohidov nomli Respublika xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markaz professori Ruslan Yefimovich Ligay, Abdulla Madriamov, Bahrom Omonov, Yunus Nazarovlar viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaz xirurgiya boʻlimi boshligʻi, xirurg Zohid Erkaboyev, xirurg Akmal Uralov, Erkin Aliqulov, Shuhrat Dehqonovlar hamrohligida oʻtkazdi. Bemorlarni ahvoli ancha yaxshi, hozir mazkur boʻlimda shifokorlar nazorati ostida davolanyapti.

    Markaz rahbari, tibbiyot fanlar doktori Saidmurod Ibragimov boshchiligidagi shifokorlar Oqoltin tumanida boʻlib, qon-tomir, xirurgik, tayanch aʼzolari kasalliklaridan aziyat chekib kelayotgan va dispanser nazoratida turgan 9 nafar bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, davolanish boʻyicha maslahat berdi.

    Shundan soʻng, ijtimoiy himoyaga hamda murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj boʻlgan 5 nafar bemorlarda qorin old devor churrasi, surunkali toshli xoletsistit, gipertoniya kasalligi, semizlik, oʻng tomonlama qiyshiq chov yorgʻoq churrasi, surunkali toshli xoletsistit, chap oyoq varikoz kasalligi bilan bogʻliq murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.

    Ushbu murakkab jarrohlik amaliyotlarini Toshkentlik jarrohlar Gulistonlik va Oqoltinlik jarrohlar hamrohligida oʻtkazdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

    Muhimi, mazkur markaz olimlari tomonidan Sirdaryoda mahalliy jarrohlar hamrohligida oʻtkazilgan murakkab jarrohlik amaliyoti ularning malakasini oshishida katta yordam boʻldi.