Xalqaro hamkorlik, dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan oliy oʻquv yurtlari bilan uzviy aloqalar taʼlim muassasalari faoliyatidagi eng muhim yoʻnalishlardan biridir. Shu bois, Namangan muhandislik-qurilish institutida bu jihatga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda institut 40 dan ortiq xalqaro hamkorlik shartnomasi va memorandum imzolagan. Mamlakatlar joʻgʻrofiyasi esa Italiya, Chexiya, Rossiya, Xitoy, Belarus, Turkiya, Polsha, Ispaniya, Malayziya, Janubiy Koreya, Hindiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi davlatlarni oʻz ichiga oladi.

Hamkorlik rishtalari oʻrnatilgan oliy oʻquv yurtlari  qatoridan Chexiya tabiiy fanlar universiteti, Granada universiteti, Bolonya universiteti, Malaya universiteti, Qozon federal universiteti, Janubiy Ural davlat universiteti, Belarus milliy texnika universiteti, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Qirgʻiz-Turk Manas universiteti kabi nufuzli OTMlar oʻrin olgani quvonarli.

Oliy taʼlim muassasamiz 2022-yil davomida Hindiston bilan aloqalarni mustahkam yoʻlga qoʻyganini alohida taʼkidlash  joiz. Jumladan, may oyida ushbu davlatning mamlakatimizdagi elchixonasi koʻmagida institutda Hindiston xonasi ochildi. Mazkur xonada Hindiston tarixi, adabiyoti, urf-odat va anʼanalariga oid kitoblar, qoʻllanmalar, rasm, foto va videomanbalar mavjud. Shuningdek, yaqinda institutimiz delegatsiyasi Hindistonda boʻlib, Subxarti va Mangalam universitetlari faoliyati bilan tanishdi, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, yozgi maktablar tashkil etilishini koʻzda tutuvchi shartnomalar imzolab qaytdi.

Oʻtgan yilning ahamiyatli voqealaridan biri — qoʻshma taʼlim dasturi doirasida Qozon federal universitetining Naberejniye Chelni institutida tahsil olgan talabalarimizning diplom himoyasi boʻldi.

Institut professor-oʻqituvchilarining chet eldagi koʻplab oliy oʻquv yurtlarida maʼruza qilishi odatiy holga aylanib bormoqda. Vakillarimiz Chexiya tabiiy fanlar universiteti, Bolonya universiteti, Qozon federal universiteti, Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti kabi nufuzli oliy oʻquv yurtlari talabalariga maʼruza qildi. Oʻtgan yilning oʻzida 80 nafarga yaqin professor-oʻqituvchi va talabamiz malaka oshirish, stajirovka oʻtash, tajriba almashish va maʼruza oʻqish uchun xorijda boʻlib qaytdi.

Oʻz navbatida, oʻtgan yili AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Slovakiya, Turkiya, Chexiya, Malayziya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalaridan 100 nafarga yaqin professor-oʻqituvchi talabalarimizga seminar-trening, maʼruza, amaliy mashgʻulot va mahorat saboqlari tashkil etish uchun institutimizga tashrif buyurdi.

Xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun turli loyiha va grantlarda faol ishtirok etyapmiz. Jumladan, Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida Chexiya tabiiy fanlar universitetining bir guruh professor-oʻqituvchilari institutimizga kelib, talabalarga saboq bergan boʻlsa, NamMQI delegatsiyasi Chexiyada boʻlib, ushbu universitet talaba-yoshlari bilan uchrashdi va maʼruzalar oʻqidi. Mazkur dastur doirasida institutimiz vakili Ispaniyaning Granada universitetida malaka oshirib qaytdi.

Turli xalqaro forum va anjumanlar hamkorlik aloqalarini mustahkam yoʻlga qoʻyish imkonini beradi. Oʻzbekiston — Rossiya, Oʻzbekiston — Buyuk Britaniya taʼlim forumlari, Oʻzbekiston — Janubiy Koreya rektorlar forumi kabi tadbirlarda ishtirok etish bu borada muhim siljishlarga erishishga xizmat qiladi.

Xalqaro hamkorlik yoʻnalishidagi bu kabi natijalar institut maqomi va mavqeini mustahkamlashda muhim rol oʻynamoqda. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda Change Academy Higher Education for employability dasturi doirasida oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan loyiha uchun tanlovda institut jamoasi gʻolib boʻldi. Jamoaga joriy yil 4-6-iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Keyele universitetida tashkil etiladigan xalqaro konferensiyada qatnashish imkoniyati berildi. 

NamMQI oliy taʼlim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education agentligining 2022-yil uchun Impact reytingida 110 ta davlatdan 1500 dan ortiq universitet oʻrtasida munosib oʻrin egalladi va shunday natijani qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston OTMlari 30 taligiga kirdi.

Ushbu agentlikning World University Rankings reytingida esa “reportyor” maqomida qayd etildi va top-1000 talik reytingdan joy olish uchun daʼvogarlar roʻyxatiga qoʻshildi.

Institutimiz jamoasi bu yutuqlar bilan kifoyalanib, harakatdan toʻxtab qolish niyatida emas. Oldimizga istiqbolli rejalar qoʻyilgan va katta marralar olingan. Yurtimizda oliy taʼlim sohasiga berilayotgan eʼtibor va koʻmak ushbu rejalarni toʻla-toʻkis amalga oshirish imkonini beradi.

Sharifjon ERGASHEV,

Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori