Oliy Bosh Qo‘mondon Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘ldi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Jamoat xavfsizligi universitetini borib ko‘rdi.

    Mamlakatimizda qo‘mondonlik va texnik kadrlar tayyorlaydigan, bir necha o‘quv muassasalarini birlashtirgan ko‘p bosqichli harbiy ta’lim tizimi yaratilgan. Jamoat xavfsizligi universiteti shulardan biri.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-apreldagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qayta tashkil topgan ushbu maskan malakali kadrlarni maqsadli tayyorlaydigan oliy harbiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. O‘quv yurtining asosiy vazifasi chuqur o‘qitish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni oshirish orqali jamoat xavfsizligini samarali tashkil etishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

    Buning uchun Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya uchun tegishli ravishda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi yo‘nalishlari bo‘yicha, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun esa harbiy diplomatiya, yurisprudensiya, iqtisodiyot, muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qo‘mondonlik-taktik faoliyat sohalarida zamonaviy ta’lim beriladi.

    Universitetga 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab talabalar qabul qilina boshlagan. Bakalavriatda 15, magistraturada 8 yo‘nalish bor. Bugungi kunda bakalavriatda mingdan ortiq kursant, maxsus yo‘nalish, sirtqi ta’lim va magistraturada yana shuncha yoshlar tahsil olyapti. Ularga jami 209 nafar o‘qituvchi, professor va fan doktorlari saboq bermoqda.

    O‘quv tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, bu yerda umumfuqaroviy asosda o‘qishga ruxsat berilgan bo‘lib, bugungi kunda yurisprudensiya, iqtisodiyot va psixologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar tahsil olishmoqda. Universitet bitiruvchilari Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘linmalarida samarali xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘z qo‘riqlash tuzilmasiga ega davlat va xo‘jalik organlari uchun shu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

    So‘nggi yillarda universitetning o‘quv binolari kapital ta’mirlanib, barcha sharoit yaratildi. Sport majmuasi va o‘quv-uslubiy situatsion markazi yangidan qurildi. Har biri 300 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta yotoqxona zamonaviy holatga keltirildi.

    Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

    O‘quv xonalari keng va yorug‘, zamonaviy texnikalar bilan ta’minlangan. Axborot-resurs markazida 90 mingdan ziyod adabiyot va o‘quv qo‘llanmasi, 10 mingdan ortiq elektron adabiyot mavjud. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va oliy ta’lim muassasalarining yagona elektron kutubxona axborot tizimi bazalariga ulangan.

    Universitetda ilmiy salohiyat oshib bormoqda. Tashkil etilgan yili bu bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda 75 foizga ko‘tarildi. Universitet jamoasi tomonidan turli fanlar bo‘yicha 200 dan ortiq o‘quv qo‘llanmasi, 120 ta darslik tayyorlanib, chop etildi. Universitet jamoasi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Prezidentimiz ofitser va talabalar bilan muloqotda dual ta’limni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Universitetning yangi sport majmuasi ham ko‘zdan kechirildi.

    Ikki qavatli majmuada basseyn, trenajyor va krosfit zali, boks, ko‘pkurash maydonlari tashkil etilgan. Katta sport zalida gimnastika, mini-futbol, gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi bilan birga balandlik tayyorgarligi va evakuatsiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish mumkin.

    Kursantlar sportda ham katta yutuqlarga erishmoqda. Shu kungacha jahon chempionatlarida 4 oltin, 3 kumush, 5 bronza medal, qit’a va respublika musobaqalarida ham ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritildi. Bir nechta talabalar davlat stipendiyalariga, harbiy xizmatchilar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

    Ma’naviyat va ma’rifat markazida 500 o‘rinli tadbirlar zali, harbiy orkestr jamoasining shug‘ullanishi uchun alohida xona, vatanparvarlik muzeyi, psixologik markaz joylashgan. Davlatimiz rahbarimiz ularning ijodiy chiqishlarini kuzatdi.