Tadbirda YeXHTning 53 ta ishtirokchi davlatidan 300 dan ortiq parlament aʼzolari va hamkorlik boʻyicha sheriklar ishtirok etyapti.
Sessiya doirasida Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qoʻmitasi majlisi hamda Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi muammolariga bagʻishlangan seminar ham oʻtkazildi. Assambleyaning uchta qoʻmitasi yigʻilishlarida esa ishtirokchi davlatlar tashabbus qilgan rezolyutsiya loyihalari koʻrib chiqilyapti.
Sessiyada parlament aʼzolari YeXHT PAning Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida ilk bor tashabbus qilingan «Mintaqaviy hamkorlik va parlament muloqotini rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligining koʻp qirrali oqibatlarini bartaraf etish» rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatladilar.
Mazkur rezolyutsiya jahon hamjamiyatini mintaqaning ekologik muammolariga jalb etish, Orol ekologik inqirozi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamkorlikdagi harakatlarni ishlab chiqishda muhimligi taʼkidlandi. Rezolyutsiyada Oʻzbekiston hukumati tomonidan kelishilgan loyihalarni amalda joriy etish boʻyicha koʻrilayotgan tizimli chora-tadbirlar ijobiy baholandi.
Sessiya kun tartibidan YeXHT makonidagi nizolarni hal etish, ekologiya, inson huquqlarini muhofaza qilish, saylov jarayonini tashkil etish boʻyicha tajriba almashish, shuningdek, qator tashkiliy va kadrlar masalalarini hal etish, jumladan, byudjetni tasdiqlash va tashkilotning mansabdor shaxslarini saylash kabi masalalar oʻrin olgan.
YeXHT PAdagi turkiy tilli davlatlar delegatsiyalarining uchrashuvi ham oʻtkazildi. Unda tomonlar Assambleya maydonida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
YeXHT PA sessiyasi joriy yil 4-iyulga qadar davom etadi.