Oliy Majlis delegatsiyasi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2023 824

    Oliy Majlis delegatsiyasi Turkmanistonning Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan “YEXHT mintaqasida xavfsizlik, barqarorlik va muloqotni mustahkamlashda betaraf davlatlarning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

    Tadbir “Harakatga chaqiruv – Xelsinki+50” tashabbusi doirasida boʻlib oʻtdi va Turkmaniston parlamenti tomonidan YEXHT Parlament assambleyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Anjumanda Markaziy Osiyo, Sharqiy va Gʻarbiy Yevropa parlamentlari aʼzolari, diplomatlar, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

    Konferensiya davomida ishtirokchilar soʻnggi yillarda geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, xavfsizlik sohasidagi yangi tahdidlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy manfaatlariga daxldor ekanini taʼkidladi.

    Maʼruzachilar mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda betaraf davlatlarning roli, ularning samarali vositachi sifatidagi salmoqli salohiyatiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, kelgusidagi mojarolarning harakatlantiruvchi kuchlari va ularning oldini olish yoʻllarini oʻrganish, barqaror rivojlanishni mustahkamlashda hamkorlik, fikr almashish muhimligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari oʻz chiqishlari chogʻida nizolarni hal etishda parlament diplomatiyasining oʻrni haqida toʻxtalib, YEXHT PA siyosiy muloqot uchun muhim platformalardan biri ekanligini taʼkidladilar. Bundan tashqari, ishtirokchilarga Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishini taʼminlash boʻyicha xalqaro tashabbuslari, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, Orol dengizi ekologik muammosi bilan bogʻliq masalalarni hal etish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    YEXHT PA vakillari soʻnggi yillarda mintaqa davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari formati alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Bu esa muammolarni tezkorlik bilan hal etish, ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, yangi siyosiy ishonch va oʻzaro anglashuv muhitini shakllantirishga imkon beradi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar YEXHT platformalari va mexanizmlaridan faol foydalangan holda mintaqaviy darajada konstruktiv muloqotni davom ettirishga chaqirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.