Uchrashuvda Oʻzbekiston parlamentining arab davlatlari parlamentlari, xususan, arab davlatlari parlamentlari ligasi bilan hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari muhokama etildi.

T.Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasi parlamenti va Arab parlamenti oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash taklifini qoʻllab-quvvatlab, Oʻzbekiston Arab mamlakatlari bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik va manfaatli munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Oʻz navbatida Odil al-Asumiy Arab davlatlari uyushmasi, jumladan, Arab parlamenti Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi oʻrnini eʼtirof etgan holda, Oʻzbekiston bilan barcha sohalarda, xususan parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini qayd etdi. Xususan, arab ishbilarmonlari doiralari ishtirokida Oʻzbekistonda yirik iqtisodiy forum oʻtkazish taklifi ilgari surildi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning qishloq xoʻjalik mahsulotlarini arab davlatlariga eksport qilish va bunda transport logistika masalalarini samarali hal etish choralari ham muhokama etildi.

Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining yuqori samarasi eʼtirof etilgan holda, 2023-yil Samarqand shahrida Arab va musulmon mamlakatlari parlamentlari ayol aʼzolarining birinchi forumini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.