Oliy Majlis Senati delegatsiyasi Osiyo Parlament Assambleyasining 14-yalpi majlisida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 24 Fevral 2024 1240

    Ozarbayjoning Boku shahrida Osiyo Parlament Assambleyasining 14-yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

    “Osiyoda barqaror rivojlanish yoʻlida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash” mavzusiga bagʻishlangan sessiyada 40 ta davlatdan parlament delegatsiyalari, jumladan, 10 ta davlatdan maʼruzachilar, shuningdek, qator xalqaro parlament tashkilotlari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdi.

    Mintaqa davlatlari oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro ishonchni mustahkamlash masalalari muhokama etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev ham ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

    Tadbir ishtirokchilari mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyot yoʻlida birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish, taʼlim va madaniyat sohasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, axborot almashinuvining ahamiyati haqida oʻzaro fikr almashdilar.

    Tadbir doirasida tuzilmaning iqtisodiy va barqaror rivojlanish, byudjet va rejalashtirish, ijtimoiy-madaniy masalalar, siyosiy masalalar boʻyicha doimiy komissiyalarining yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

    Ularda iqtisodiy oʻsish va atrof-muhitni muhofaza qilish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha saʼy-harakatlarni taʼminlashda OPA parlamentlarining roli toʻgʻrisidagi qarorlar loyihalari muhokama qilindi. Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, iqlim muammolari, Osiyoda madaniy xilma-xillikni rivojlantirish va madaniy merosni himoya qilish, mintaqada barqaror jamiyat uchun bolalar va yoshlar rivojlanishiga koʻmaklashish kabi masalalar koʻrib chiqildi.

    Sessiya yakunida Boku deklaratsiyasi va Osiyo Parlament Assambleyasi 14-yalpi majlisining yakuniy hisoboti qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.