Oliy Majlis Senati hamda BAA Federal milliy kengashi hamkorligi amaliy mazmun bilan boyitiladi

    Xalqaro hamkorlik 6 Dekabr 2023 446

    BMT iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi doirasidagi parlament sessiyasida ishtirok etish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boʻlib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya 5-dekabrda BAA Federal milliy kengashi Raisi Saqr Gʻobash bilan muzokara oʻtkazdi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari rivojlanib, yangi bosqichga koʻtarildi. Ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalar ham izchillik kasb etib boryapti.

    Uchrashuvda ikki davlat hamkorligining keng doirasi, jumladan siyosiy, savdo iqtisodiy, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini bartaraf etish sohalarida va ayniqsa, parlamentlararo muloqotni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash 4 barobarga oʻsib, 2023-yil yanvar-sentyabr oylarida oʻzaro savdo 475,7 million dollarni tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshgan.

    Yurtimizda faoliyat yuritayotgan BAA sarmoyalari ishtirokidagi korxonalar soni 5 yilda 2,5 barobarga oshdi. “Yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan investitsiya loyihalari portfeli 4 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

    Tomonlar mamlakatlarimizda ushbu koʻrsatkichlarni bir necha barobarga oshirish imkoniyati mavjud ekanini, bu borada parlamentlar ham faollik koʻrsatishi lozimligini taʼkidladi.

    Parlamentlararo hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlardan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda Oʻzbekiston va BAA parlamentlari oʻrtasidagi munosabatlar izchilligini taʼminlash, xususan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

    Oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatish, “xalq diplomatiyasi”ning muhim jihati hisoblangan “doʻstlik guruhlari” faoliyatini jonlantirish lozimligi qayd etildi.

    BMT, Parlamentlararo ittifoq, Islom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Oliy Majlis Senati Raisi BAA Federal milliy kengashi Raisiga 2024-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurishni taklif qildi.