Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, Bolgariya Prezidentining tashrifi ikki tomonning oʻzaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash va chuqurlashtirishga intilishini tasdiqlashini taʼkidladi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Bolgariya munosabatlari 28 ta ikki tomonlama hujjatni oʻz ichiga olgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosda izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev mamlakatimizda boʻlib oʻtayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivoji hamda xalqaro investitsiyaviy hamkorlik uchun muhim platforma ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Muloqot davomida parlamentlararo munosabatlarni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada parlamentlararo muloqotning oʻrni va ahamiyatiga urgʻu berilib, Bolgariya Prezidentining Oliy Majlis Senatiga tashrifi parlamentlar oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishga kuchli turtki boʻlishi qayd etildi.
Tomonlar ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shu jumladan palatalar va tegishli qoʻmitalar rahbarlari darajasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazish, parlamentlararo doʻstlik guruhlarining qoʻshma rejalarini ishlab chiqish, shuningdek, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish lozimligi haqida yakdil fikr bildirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.