Oliy Majlis Senati Raisi Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashdi

    Saylov 26 Oktabr 2021 957

    2021-yil 25-oktyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan vitse-prezident Xaydi Xautala boshchiligidagi Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Delegatsiya aʼzolari ushbu saylov qonunchilikka muvofiq ochiq va oshkora oʻtkazilgani, fuqarolar, jumladan, keksalar, imkoniyati cheklanganlar va ovoz berish vaqtida shifoxonada davolanayotgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlash uchun shart-sharoit yaratilganini taʼkidladi.
    Bu galgi saylov avvalgilaridan tubdan farq qilishi alohida qayd etildi. Saylovda xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan mingga yaqin kuzatuvchi, shuningdek, koʻplab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu saylov jarayonining ochiqligini taʼminladi.

    Yevropa parlamenti deputati Rishard Charneskiy soʻzlariga koʻra “Oʻzbekiston Prezidenti saylovi oshkora va uyushqoqlik bilan oʻtkazildi. Mamlakatda Prezident saylovini monitoring qilish, oʻtkazish va erkin ovoz berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Koʻp sonli xalqaro kuzatuvchilar esa respublikaning ushbu siyosiy tadbiri imkon qadar ochiq, oshkora va demokratik tamoyillarni taʼminlashga intilishini namoyish etdi”.

    Uchrashuv davomida mehmonlarga oʻtgan 5 yil davomida amalga oshirilgan islohotlar, shu jumladan, fuqarolik jamiyati asoslari mustahkamlanayotgani, saylov qonunchiligi isloh qilinayotgani hamda gender tenglik taʼminlanayotgani haqida maʼlumot berildi.
    Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston bilan Yevropa parlamenti oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar, Yevropa Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish hamda taʼlim va tadqiqot sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

    Yevropa parlamenti raisi oʻrinbosari Xaydi Xautala taʼkidlaganidek, “2016-yildan keyin Oʻzbekiston butun dunyoga koʻproq ochilganiga guvoh boʻlib turibmiz. Shu tufayli parlamentlararo aloqalarimiz chuqurlashib bormoqda. Biz Oʻzbekiston parlamenti bilan oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlariga tayyorgarlik koʻryapmiz. Uzoq muddatli hamkorlik doirasida Yevropa parlamenti uchun katta istiqbollar ochilmoqda.

    Mamlakatdagi islohotlarni kuchaytirishga yordam berishga tayyormiz. Prezident saylovini oʻtkazish borasida shuni taʼkidlashni istardimki, bu galgi Prezident saylovi kampaniyasi yangi qoidalar asosida, yangi sharoitlarda, yangilangan formatda oʻtkazildi. Ovoz berish jarayonini YEXHT, MDH, SHHT, Jahon saylov organlari tashkiloti, YEKO kabi tashkilot va mintaqaviy birlashmalarning yuzlab xalqaro kuzatuvchilari kuzatdi. Saylov oshkora va demokratik tarzda oʻtdi”.
    Tomonlar oʻzaro qiziqish uygʻotgan barcha sohalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.