Oliy Majlis Senati Raisi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 3 Avgust 2022 974

    Bugun, 3-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizga tashrif buyurgan “Koreya–Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik Assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On boshchiligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

    Shuningdek, Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasining faoliyati, shu jumladan, qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish haqida ham fikr yuritildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.