Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva Navoiy viloyatida boʻlib, bir qator tadbirlarda ishtirok etdi. Dastlab Senat raisi Qiziltepa tumani tibbiyot birlashmasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va bir guruh tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi. Shuningdek, tumandagi “Gulzor” mahallasining yangi binosi ochilishi marosimida ham qatnashib, aholi bilan muloqot qildi.

Navbahor tumanining “Navkar” mahallasida tashkil etilgan muloqotda fuqarolar yigʻini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faollari, fuqarolar bilan suhbatlashdi va sumalak saylida ham ishtirok etdi.

Oliy Majlisi Senati raisining navbatdagi manzili Navoiy kon-metallurgiya kombinati boʻldi va bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

Tanzila Narbayeva Konstitutsion islohotning mohiyatiga toʻxtalib oʻtar ekan, uy-joy masalasi, fuqarolik pasporti berish tartibidagi imtiyozlar, horijiy davlatlarga chiqish, oʻqish va ishlashdagi yengiliklar, xotin-qizlarning huquqlari, ijtimoiy muhofaza, boshqa davlatlar bilan qoʻshnichilik aloqalari, shuningdek, chegaralarimizning ochiqligi, turli millat va elat vakillarining Oʻzbekiston fuqarosi sifatida emin-erkin, oʻz tili, eʼtiqodi va qadriyatlari bilan hamohang hayot kechirishini eʼtirof etib, bosh qomusimizga kiritilayotgan oʻzgarishlar bu imkoniyatlarni qonun bilan yanada mustahkamlab berishini taʼkidladi.

Jarayonda Oliy Majlis Senati raisi Navoiy shahridagi Farhod madaniyat saroyida boʻlib, u yerdagi toʻgaraklar faoliyati, kombinat tarixi va buguni, mehnatkash jamoaning yillar davomida erishgan yutuqlari aks etgan muzey bilan ham tanishdi. Navoiy shahridagi xususiy maktab imkoniyatlarini kuzatar ekan, nodavlat taʼlim muassasalari sonini ortayotgani taʼlim sifatiga ijobiy taʼmir etayotgani, ish oʻrinlari yaratilishida omil ekanligi, asosiysi, ushbu muassasasalarni davlat yetarlicha qoʻllab-quvvatlashi va bu 30-apreldagi referendumdan soʻng oʻziningmustahkam qonuniy himoyasiga ega boʻlishini taʼkidladi.

Bosh qomusimizda taʼlim islohotini takomillashtirishga oid qator normalar kiritilishi koʻzda tutilgan. Maqsad pedagoglar faoliyati, shaʼni, moddiy imkoniyati hamda yoshlarga yaratilayotgan koʻpgina imtiyozlar orqali taʼlim sifatini oshirishdir. Oʻqituvchining koʻp vaqtini samarasiz isrof qiladigan ortiqcha qogʻozbozlik hamda majburiy mehnatning bekor qilinishi qonun orqali asoslab qoʻyilsa bu albatta faqat ijobiy natijani beradi. Navoiy davlat Pdegogika institutida Oliy Majlis Senati raisining pedagoglari va talabalari bilan tashkil etilgan uchrashuvida ana shu jihatlar eʼtirof etildi.

Shuningdek, tashrif davomida Tanzila Narbayeva Navoiy viloyati faollari va deputatlar bilan uchrashdi. Konstitutsiyadagi oʻzgarishlarning mohiyatini xalqqa yetkazishda hamjihatlikda harakat qilish, inson qadri davlat rivojlanishining asosi boʻlishi yangilanayotgan Konstitutsiyaning asosiy maqsadini ifoda etishi hayotiy misollarda aytib oʻtildi. Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda viloyat faollari va deputatlari ham fikr-mulohazalarini bildirib, xalq muallifligida yangilanayotgan Konstitutsiyamiz davlatimizda insonparvarlik, farovonlik va tinchlik yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi ekanligini eʼtirof etishdi.