4-5-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva xizmat tashrifi bilan Navoiy viloyatida boʻldi.
Dastlab Senat raisi Navoiy shahridagi Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish muassasasi boʻlib, bu yerda xodimlar va malaka oshiruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligidagi delegatsiya Navoiy shahri hududida faoliyat yuritayotgan yirik qandolatchilik korxonasida ham boʻlib, «Favorite Luks Servis» MCHJda xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlarni oʻrgandi.
Shundan soʻng Senat Raisi Navoiy shahridagi Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiy markazi Navoiy viloyati filiali faoliyati bilan tanishib, mutaxassislar bilan muloqotda boʻldi. Muloqotda viloyatda ona va bola salomatligiga ahamiyat qaratiluvchi soqada yirik muvaffaqiyatlar mavjudligi, aynan onalar oʻlimi tubdan qisqarganligi eʼtirof etildi.
Oliy Majlisi Senati Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish agentligi huzuridagi «Yoshlar texnoparki» boʻlib, u yerda xotin-qizlarni IT yoʻnalishida oʻqitish jarayonlari bilan ham tanishdi. Mutaxassislar bilan muloqotda mavjud muammo va kamchiliklarga toʻxtalib, yutuqlar va ularni koʻpaytirish borasida suhbatlashildi.
Senati Raisi viloyatning Navbahor tumani «Qorovultepa» mahallasiga ham tashrif buyurib, aholi xonadonlarida boʻldi. Tanzila Kamalovna mahalla aholisi va yettiliklari bilan samimiy suhbatlashdi.
- Mahalla yettiligi birovga koʻrsatish uchun yoki koʻz-koʻz qilish uchunmas, shu mahalla istiqboli uchun qattiq ishlashi kerak, — dedi suhbatda Tanzila Narbayeva.
Navoiy shahridagi viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning xalq deputatlari Navoiy shahar, Karmana va Navbahor tumanlari Kengashlari deputatlari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari toʻgʻrisida soʻz bordi.
Navoiydagi xizmat safarining ikkinchi kuni Oliy Majlisi Senati Raisi viloyat hokimi Normat Tursunov hamrohligida Navoiy shahridagi «Gidro Stanko Servis» masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Bu yerda aynan shu kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu yerda kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva viloyat hokimi Normat Tursunov hamrohligida Navoiy shahrida Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan «Tiancheng Stone» xorijiy korxonasi tomonidan granit mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Senat Raisi zavod xodimlari bilan suhbatda ishlab chiqarish jarayonida ekologiyaga zarar yetkazmaslikka ahamiyat qaratish lozimligini taʼkidladi.
Viloyat rahbari Normat Tursunov Oliy Majlis Senati Raisini avtomobil filtrlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Universal filter» korxonasi faoliyati bilan ham tanishtirdi.
Tanzila Narbayeva Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov hamrohligida Navbahor kasb-hunar maktabida ham boʻlib, u yerda yoshlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni ham oʻrgandi.
Yuqori martabali mehmonlarning Navoiydagi navbatdagi manzili Karmana tumanining «Mirsaid Bahrom» mahallasi boʻldi. Tanzila Narbayeva mahallada tashkil qilingan «Sogʻlom oila xonasi» faoliyati bilan tanishib, «mahalla yettiligi» bilan muloqotda boʻldi. Mahallani ishsizlikdan va jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, Karmana tumani Madaniyat markazi faoliyati bilan ham tanishildi.
Tashrif soʻngida Navoiy viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini oʻrganish natijalari yakunlariga bagʻishlangan Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.