T.Narbayeva tashabbusi bilan ayol deputatlar va mintaqaning yetakchi ayollari oʻrtasida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyildi

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2021 518

    2021-yil 21-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Qirgʻiziston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Qirgʻiziston Respublikasi Jokorku Keneshi Toragʻasi Talant Mamыtov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqalar va ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida hamkorlik qilish nuqtayi nazaridan munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijalari, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari haqida soʻz bordi.

    Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva qayd etganidek, davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi ochiq va ishonchli munosabatlar barcha sohalardagi hamkorligimizning izchil ijobiy dinamikasi uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda. Soʻnggi 4 yil mobaynida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobardan oshgani va oʻtgan yili 900 million dollardan ortgani ikki tomonlama aloqalar tobora faollashib borayotganining yorqin misollaridan biridir.

    Bundan tashqari, gender tenglikni taʼminlash, birgalikda tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro parlament tuzilmalari va tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash masalalarida hamkorlik qilishga eʼtibor qaratildi.

    Qirgʻiziston Respublikasi Jokorku Keneshi Toragʻasi T. Mamыtov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarga, Oʻzbekiston rahbariyatining mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga yuqori baho berdi.

    T. Mamыtov Oʻzbekiston bilan hamkorlik Qirgʻiziston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, T.Narbayevaning Qirgʻizistonga tashrifi munosabatlarning yanada rivojlanishiga yaxshi turtki berdi.

    Parlamentlararo hamkorlik haqida soʻz borganda T. Mamыtov parlamentlar oʻrtasidagi hamkorlik samarali tus olayotganini taʼkidladi. Xususan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva tashabbusi bilan ayol deputatlar va mintaqaning yetakchi ayollari oʻrtasida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi.

    Oliy Majlis Senati Raisi va Jogorku Kenesh Toragʻasi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlari oʻrtasidagi muzokaralar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish uchun chora-tadbirlarni koʻrishga kelishib oldilar.

    Tomonlar parlament nazoratini amalga oshirishda tajriba almashish, qonunchilik faoliyati sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va parlament diplomatiyasini faol targʻib qilishdan manfaatdorligini bildirdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.