Tashrifning birinchi kuni Senat Raisi bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Jumladan, T.Narbayeva Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qoʻmitasi Raisi Van Xunin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida koʻp tomonlama strategik aloqalar yangi bosqichga yuksalganligi eʼtirof etildi.
Muloqot davomida Senat Raisi parlamentlararo aloqalarni uzviy davom ettirish, doʻstlik guruhlari faoliyatini jadallashtirish bilan birga ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi hamkorlik, bunda mahalliy Kengashlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish zarurligini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga, tomonlar savdo-iqtisodiy, texnologiya, transport, energetika, fan-taʼlim, innovatsiya, turizm sohalari hamda qishloq xoʻjaligi va ekologiya masalalari yuzasidan oʻzaro hamkorlik rejalarini muhokama qildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.