Davra suhbati tarzida kechgan uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik va bozor islohotlari muhokama etildi. Boʻlajak parlament saylovi va dolzarb mintaqaviy muammolarga alohida eʼtibor qaratildi.
Britaniyalik ekspertlar Oʻzbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, ularning nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi va taraqqiyotiga katta taʼsiri borligini taʼkidladilar.
Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya tahlil markazlari oʻrtasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning dolzarb masalalari hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy rivojlanish boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar, seminar va konferensiyalar oʻtkazish orqali amaliy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.