Oliy Majlis Senati Raisining Qozogʻiston Prezidenti bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 18-avgustda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv chogʻida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan Qozogʻiston-Oʻzbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligining dolzarb masalalari muhokama etildi.

    Prezident Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisini samimiy qutlar ekan, uning Ostonaga tashrifi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik munosabatlarning oʻziga xos xususiyatining yaqqol tasdigʻi ekanini taʼkidladi.

    Qosim-Jomart Toqayev Tanzila Narbayevaning ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi:

    “Sizning tashrifingiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan juda muhim. Biz qardosh Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashda juda muhim omil, deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar qanchalik yaxshi, yaqin va samarali boʻlsa, umuman mintaqadagi vaziyat shunchalik tinch boʻladi. Sizning tashrifingizga kelsak, buni munosabatlarimizning oʻta muhim elementi boʻlgan parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan haqiqatdan ham muhim, deb bilaman”.

    Oʻz navbatida Tanzila Narbayeva Qosim-Jomart Toqayevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi.

    – Davlatimiz rahbari sizga oʻzining iliq salomini yoʻlladi hamda olib borayotgan ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Hamkorlikda erishilgan kelishuvlar ijrosini samarali taʼminlashga biz, parlament aʼzolari, doim oʻz hissamizni qoʻshamiz. Siz aytganingizdek, Oʻzbekiston uchun Qozogʻiston, Qozogʻiston uchun Oʻzbekiston eng yaqin, ishonchli hamkordir, – dedi Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi.

    Shuningdek, parlamentlararo diplomatiyani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻz navbatida, Qosim-Jomart Tokayev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy tilaklarini yoʻlladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.