Oliy Majlis Senatida yangi qoʻmita tashkil etildi

    Mamlakatimizda 25 Iyun 2021 1088

    Bugun, 25-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi.

    Senatorlar kun tartibidagi birinchi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi.

    Taʼkidlanganidek, Harakatlar strategiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishning muhim yoʻnalishi etib belgilandi.

    Qisqa davr mobaynida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi va koʻplab ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, Hukumat portali doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, “Mening fikrim”, “Ochiq byudjet”, “Davlat xaridlari”, “Shaffof qurilish” portallari kabi oʻnlab elektron platformalar ishga tushirildi. Barcha darajadagi davlat va jamoat tashkilotlarining doimiy yangilanib turadigan rasmiy veb-saytlari yaratildi.

    Majlisda senatorlar tomonidan mamlakatimizdagi oʻzgarish va yangilanish jarayonlari, olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyatini xalqimizga toʻgʻri va toʻliq tushuntirish, milliy axborot makonini xolis va asosli maʼlumotlar bilan toʻyintirish zarurati axborot siyosati hamda ochiqlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar, tizimli nazorat, jumladan, parlament nazorati muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Qolaversa, mazkur qoʻmitaning vazifalariga eʼtibor qaratildi.

    Qoʻmita davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirib boradi va bu borada doimiy nazoratni amalga oshiradi.

    Majlisda senator Farxod Esanovich Boqiyevni mazkur Qoʻmita raisining oʻrinbosari etib saylandi.

    Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.