Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisi o'z ishini boshladi

    Hukumat 11 Sentabr 2020 718

    Bugun, 11 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

    Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bormoqda. Senatning yettinchi yalpi majlisi videokonferentsaloqa tarzida bo‘lib o‘tmoqda. Unda Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida joriy yil sinovli kelgani, pandemiya davrida amalga oshirilayotgan islohotlarga e’tibor qaratdi hamda yangi o‘quv yili bilan barcha o‘quvchilarni tabrikladi.

    – Mana, 2020-yilning ham yarmidan ko‘pi ortda qoldi, bu yil og‘ir yil bo‘lganini har safar ta’kidlamoqdamiz, dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Yil boshidan beri butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekiston uchun ham ko‘p sinovlar bo‘lyapti. Shunga qaramay, davlat ham, jamiyat ham butun kuchlarini koronavirus pandemiyasi va global inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga safarbar qildi va dadil aytishimiz mumkin bu vazifani muvafaqqiyatli amalga oshirmoqda.

    Ayniqsa, pandemiya davri boshlanganidan beri murakkab iqtisodiy vaziyatda yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari bir zumga ham to‘xtagani yo‘q.

    Yana bir jihat. 30 iyul kuni davlatimiz rahbarining koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir Farmoni butun xalqimiz, keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Bir oy ham vaqt o‘tmasdan Prezidentimizning aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha yana bir qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilganlar, boquvchisini yo‘qotganlar, nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga moddiy yordam pullari tarqatilishi belgilandi. Albatta, bunday chora-tadbirlar xalqimizning, ayniqsa yoshlarimizning davlatga, islohotlarga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

    Ta’kidlash joizki, Yoshlar mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ko‘pini tashkil etgani holda yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yetakchi drayveri yoki Prezidentimiz ta’kidlagan Uchinchi Renessans poydevorining asosiy bunyodkorlaridir.

    Fursatdan foydalanib, millionlab o‘quvchi-yoshlarimizni

    yangi o‘quv yili boshlangani bilan tabriklaymiz. Qolaversa, katta-katta orzular va yurakda hayajon bilan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirayotgan aziz farzandlarimizga omad yor bo‘lsin deymiz!