Unda Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisini 2025-yil 29-aprelda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, sogʻliqni saqlash, mudofaa hamda sud-huquq tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qonunlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
Jumladan, moliya bozorini sogʻlomlashtirish va banklar faoliyatini barqarorlashtirish maqsadida tayyorlangan “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar muhokamasiga qoʻyiladi.
Yalpi majlisda ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonun ham koʻrib chiqiladi. Unda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil boʻladigan uglerod birliklari muomalasi tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.
Shuningdek, milliy mudofaa va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan “Davlat mudofaa buyurtmasi toʻgʻrisida”gi Qonunni ham muhokama etish nazarda tutilgan. Mazkur hujjat bilan davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish, kelishish, tasdiqlash va bajarishga oid munosabatlarni tartibga solishning yagona huquqiy mexanizmi yaratiladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarini samarali ijro etishga doir qonun hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqidagi qonunlar ham yalpi majlis kun tartibidan oʻrin olgan.
Senatorlar tomonidan tamaki va nikotin mahsulotlari muomalasiga oid talablarni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar haqidagi Qonun ham koʻrib chiqiladi. Bu esa aholini zararli odatlardan muhofaza qilish borasidagi qonunchilikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish masalasini ham muhokama qilish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, ilm-fan yutuqlarini sohaga joriy etish va ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish ham nazarda tutilgan ,deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.









