Majlisda Senatning qirqinchi yalpi majlisini 2023-yil 3-mayda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama etish rejalashtirilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisob-varaqlaridagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida“gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, yalpi majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2021-yil 10-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.