Bitiruvchilar Germaniyada doimiy munosib ish oʻrniga ega boʻladi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning “OPASCA GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlovni qabul qildi.

Uchrashuvda Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida Germaniya bilan 2+1 qoʻshma taʼlim dasturi doirasida tashkil etilayotgan “Hamshiralik ishi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Fargʻona viloyati delegatsiyasining 2022-yil 25-30-iyul kunlari Germaniyaga tashrifi davomida tibbiyot sohasida Mangeym universiteti klinikasida erishilgan kelishuvlarning natijasi boʻlgan bu loyiha, “OPASCA GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.

Kelishuvga koʻra, “Hamshiralik ishi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari ikki yil Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida taʼlim olishgach, bir yil Germaniyadagi Mangeym universiteti klinikasi akademiyasida tahsilni davom ettiradi. Taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Germaniyada tan olinadigan diplom hamda Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining davlat namunasidagi diplomi taqdim etiladi. Talabalar oʻqishni tamomlagach Germaniya tibbiyot muassasalarida doimiy munosib ish oʻrniga ega boʻladi.

Har oʻquv yilida qoʻshma taʼlim dasturi doirasida tashkil etiladigan “Hamshiralik ishi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 150 ta qabul kvotasi ajratilishi rejalashtirilyapti.

Muloqot davomida shuningdek, viloyat tibbiyot tizimini rivojlantirishda Germaniyaning ilgʻor tajribasini joriy etish, fargʻonalik shifokorlarning Germaniyada malaka oshirish va tajriba almashinishlarini yoʻlga qoʻyish kabi dolzarb masalalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

.