Oliy sud “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MCHJ mas'ullariga oid jinoyat ishi yuzasidan ma'lumot berdi

    Xavfsizlik 7 Iyul 2020 1965

    Ayblov xulosasi bo'yicha moddiy zarar miqdori 24,2 mlrd. so'm bo'lib, shundan dastlabki tergov mobaynida 13,3 mlrd. so'm miqdorini bartaraf etish chorasi ko'rilgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchilar Qahramon Otaqulov (1979-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ direktori), Odil Kabilov (1963-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyat filiali direktori), Xushvaqt Turdiyev (1973-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ taʼsischisi), Musurmon Aliqulov (1970-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ oʻquv ishlari boʻlimi direktori), Anvarjon Shamshiddinov (1983-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyat filiali ish yurituvchisi), Orifjon Joʻrayev (1983-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyat filiali gʻaznachisi), Mavluda Otajonova (1969-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ hisobchisi), Raʼno Nuraliyeva (1976-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ kadrlar boʻlimi inspektori), Kang Nam Kyu (1968-yilda Koreya Respublikasida tugʻilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ hamkori) va Jolol Xidirov (1987-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, vositachi) ga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni boʻlib oʻtmoqda.

    Sudlanuvchi Q. Otaqulov va boshqalar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

    Ish hujjatlariga koʻra, sudlanuvchi Q. Otaqulov va boshqalar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga yolgʻon vaʼdalar berib, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ ga kelib murojaat qilgan fuqarolarning juda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini qoʻlga kiritishib, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

    Ushbu jinoyat ishi boʻyicha 2 372 jabrlanuvchi va 4 fuqaroviy daʼvogarlar mavjud.

    Ayblov xulosasi boʻyicha moddiy zarar miqdori 24,2 mlrd. soʻm boʻlib, shundan dastlabki tergov mobaynida 13,3 mlrd. soʻm miqdorini bartaraf etish chorasi koʻrilgan.

    Hozirgi kunda sud tergovi oʻtkazilib, sud jarayoni davom etmoqda.

    Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ushbu jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchi sifatida oʻtayotgan shaxslar oʻz vajlarini ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki qonunga itoat etgan holda sud majlislari davomida keltirishlari lozim.


    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy sudi matbuot xizmati