Oliy sud qatagʻon qurbonlarining yana bir guruhini oqladi

    Dolzarb 25 Avgust 2023 2381

    Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

    Maʼlumki, Oliy sudda muayyan sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmagan qatagʻon qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari boʻyicha ishchi guruhi tuzilgan.

    Ishchi guruhning izchil faoliyati, koʻlamli saʼy-harakati tufayli keyingi yillarda sovet davrida qatagʻon qilingan 616 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi.

    Kuni-kecha Oliy sudga Uchlik Kengashining maxsus yigʻilish qarorlariga koʻra 1929-1931-yillarda hozirgi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida bosmachilik harakati aʼzolari boʻla turib, qurolli toʻda tuzishib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qoʻzgʻolon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan Oʻzbekiston SSR va Qozogʻiston SSR fuqarolari boʻlgan 240 nafar shaxsga oid 5 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqildi.

    Bosh prokuror oʻrinbosari tomonidan yuqorida koʻrsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirildi.

    2023-yil 24-avgust kuni ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 ta jinoyat ishi boʻyicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

    Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

    24-avgust oqlangan qatagʻon qurbonlari roʻyxati