Oliy sud raisi YEXHT demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori bilan uchrashdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv davomida mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, bu boradagi qonunchilik asoslarini mustahkamlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida batafsil maʼlumot berildi.

    Taʼkidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi sud hokimiyatining mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini taʼminlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.

    Delegatsiya aʼzolariga davlat organlari va mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni taʼminlash maqsadida Oliy sudda maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, hududlarda maʼmuriy sudlar tashkil etilgani haqida maʼlumot berildi.

    Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 27-moddasida maʼmuriy sudlar tomonidan hal etiladigan ishlar koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra saylov komissiyalarining hatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish ham taaluqliligi boʻyicha maʼmuriy sudlar sudloviga berilgani ham aytib oʻtildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yevropada havfsizlik tashkiloti oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlik munosabatlari oʻrnatilgani taʼkidlanib, olib borilayotgan oʻzaro hamkorlik kelgusida ham samarali natijalarni koʻrsatishga ishonch bildirildi.

    Uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi
    Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
    bilan aloqalar boshqarmasi