Oliy sud xodimi 10 ming pora bilan DXX tomonidan ushlandi

    Xavfsizlik 6 Dekabr 2023 1434

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati katta konsultanti fuqarodan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Aniqlanishicha, u muqaddam sudlangan 2 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida kassatsiya tartibida koʻrilayotgan jinoyat ishini Fargʻona viloyat sudiga oʻtkazgan holda, ularning oqlanishiga yordam berishni vaʼda qilgan.

    Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning appelyatsiya bosqichida koʻrilayotgan daʼvo arizalarini sudyalar orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

    Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, sudya katta yordamchisi muqaddam tadbirkorning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilib, 600 AQSH dollari olganligi ham maʼlum boʻldi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.