Oliy sudga kelgan shaxs toʻsatdan vafot etdi

    Ijtimoiy hayot 3 Avgust 2023 872

    Oliy sudning Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassasiya instansiyasida tayinlangan sud majlisiga daʼvogar sifatida borgan erkak yurak xurujidan vafot etdi.

    Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, 3-avgust kuni 1957-yilda tugʻilgan fuqaro M.A. Oliy sudning Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasida soat 9:15ga tayinlangan sud majlisiga daʼvogar sifatida kelgan.

    Sud majlisi oʻz vaqtida boshlangan boʻlib, sud majlisi kotibi taraflarni sud zaliga taklif etish uchun kutish xonasiga chiqqanida M.A. behush holda yotganini koʻrgan. Shu zahoti barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, shoshilinch tez tibbiy yordam xodimlariga xabar berilgan.

    Hodisa joyiga zudlik bilan yetib kelgan tibbiyot xodimlari tomonidan M.A. hayotdan koʻz yumganligi aniqlangan.

    Tibbiyot xodimlari bergan birlamchi xulosaga asosan fuqaro M.A.ning oʻlimiga oʻtkir yurak yetishmovchiligi sabab boʻlgan.