Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov “FarDu” futbol jamoasi bilan uchrashdi

    Ikkinchi liga bahslarida “FarDU” jamoasi “Jarqoʻrgʻon” klubi ustidan 3:2 hisobida gʻalabaga erishgan.

    10-iyul kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Fargʻona davlat universitetida boʻlib, «FarDU» futbol jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi.

    Futbolchilar bilan boʻlib oʻtgan samimiy uchrashuvda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ularni soʻnggi paytda erishib kelayotgan gʻalabalari bilan tabriklar ekan, kelajakda chempion boʻlib yetishishlariga ishonishi va hali hech qaysi oliy taʼlim muassasasida bunday futbol muvaffaqiyati takrorlamaganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

    Bu borada muhtaram Prezidentimizning mamlakatimizda futbol sport turi rivojiga qaratayotgan eʼtibori, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish xususida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    Muloqotda klub treneri, «Neftchi» futbol jamoasining sobiq oʻyinchisi Asad Doʻrmonov jamoa imkoniyatlari va kelgusi rejalarini vazirga yaqindan tanishtirib oʻtdi.

    Asad Doʻrmonov Fargʻona davlat universitetida millionlar oʻyini boʻlgan futbolni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishtirar ekan, oʻzbek futbolining mashhur vakili, 5 karra Oʻzbekiston chempioni, «Shuhrat» medali sovrindori, «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi» — Sergey Lebedov klubda bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgani, mahoratli futbolchi, «Neftchi» klubi faxriysi — Ruslan Xudaydatov tajribalari oʻrganilayotganini aytib oʻtdi.

    Uchrashuv yakunida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov futbolchilarni erishgan gʻalabalari bilan yana bir bor qutlab, hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi va jamoa aʼzolariga esdalik sovgʻalarini topshirdi.

    Darhaqiqat, aytish kerakki, katta maydon sari ildam borayotgan bu sport klubi yaqin ikki yil ichida oʻzbek futbolida yangi umid sifatida muxlislar koʻz oʻngida namoyon boʻlmoqda.

    Chunki soʻnggi davrda Ikkinchi liga bahslarida «FarDU» jamoasi «Jarqoʻrgʻon» klubiga qarshi toʻp surdi va chiroyli oʻyin koʻrsatib, 3:2 hisobida gʻalabaga erishdi.